Trampning neft rejasi kompaniyalar shubhasi bilan to‘qnashdi

Biznes

AQSh prezidenti Donald Tramp yirik neft kompaniyalarini Venesuela neft sanoatiga kamida 100 milliard dollar sarmoya kiritishga chaqirdi. Biroq kompaniyalar bu tashabbusga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Trampning neft rejasi kompaniyalar shubhasi bilan to‘qnashdi
Uchrashuv Oq uyda, Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bilan yakunlangan AQSh harbiy amaliyotidan bir hafta o‘tib bo‘lib o‘tdi. Unda Exxon Mobil, Chevron, ConocoPhillips, Halliburton, shuningdek Repsol va Eni rahbarlari ishtirok etdi.

Exxon Mobil bosh direktori Darren Vuds hozirgi sharoitda Venesuela “sarmoya uchun yaroqsiz” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, chuqur islohotlar va mulk huquqi kafolatlarisiz investitsiyalar mumkin emas. U kompaniya aktivlari ilgari ikki marta musodara qilinganini eslatdi.

Venesuela dunyodagi eng yirik tasdiqlangan neft zaxiralariga ega bo‘lsa-da, eskirgan infratuzilma va PDVSA’dagi samarasiz boshqaruv sababli neft qazib olish keskin kamaygan. Hozir mamlakat kuniga taxminan bir million barrel neft ishlab chiqarmoqda.

Tramp esa Venesuelada qaysi kompaniyalar ishlashini AQSh ma’muriyati belgilashini aytib, investorlar uchun “to‘liq xavfsizlik” va’da qildi.

Kompaniyalar Venesuelaning salohiyatini tan oldi, ammo aniq moliyaviy majburiyatlarni o‘z zimmasiga olmadi. Hozircha AQSh kompaniyalaridan faqat Chevron mamlakatda faoliyat yuritmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing