Turkiy davlatlar kosmik sohada hamkorlik bo‘yicha ramka shartnomasini imzoladi

Dunyo

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya va O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kosmik sanoatda hamkorlik salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha dastlabki ramka shartnomasini imzoladi. Hujjat 6-oktabr kuni 5–9-oktabr kunlari Antaliyada o‘tkazilayotgan 77-Xalqaro astronavtika kongressi doirasida imzolandi.

Turkiy davlatlar kosmik sohada hamkorlik bo‘yicha ramka shartnomasini imzoladi
Shartnoma TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlar yaratish, ilmiy tadqiqotlar, sanoat kooperatsiyasi va salohiyatni rivojlantirish sohalaridagi institutsional hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan.

Tadbirda Uzcosmos agentligi direktori Shuhrat Qodirov ishtirok etdi. Hujjatning imzolanishi to‘rt davlat o‘rtasidagi kosmik hamkorlikni rivojlantirish va kelgusidagi qo‘shma tashabbuslar uchun asos yaratishda muhim qadam bo‘ldi.

TDT Bosh kotibi, Favqulodda va Muxtor Elchi Kubanychbek Omuraliev ramka shartnomasining imzolanishini olqishladi. U hujjat Tashkilotning turkiy dunyoda ilmiy, texnologik va sanoat hamkorligini rivojlantirishga sodiqligining aniq ifodasi ekanini ta’kidladi.

Uning qayd etishicha, ramka shartnomasi qo‘shma kosmik tashabbuslarni kengaytirish uchun mustahkam institutsional asos yaratadi va OTS-SAT loyihasi tajribasini yanada keng ko‘lamli va ambitsiyali hamkorlikka tatbiq etish imkonini beradi.

Kongress doirasida 3rd IAF Global Space Leaders Summit ham bo‘lib o‘tdi. Unda Shuhrat Qodirov ishtirok etdi. U o‘z nutqida kosmik texnologiyalarning iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi, yerlarning degradatsiyasi va tabiiy ofatlar kabi global muammolarni hal etishdagi muhim rolini ta’kidladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish, Yaponiya Kyushu Texnologiya instituti bilan hamkorlikda “Mirzo Ulug‘bek” ilmiy sun’iy yo‘ldoshini yaratish va xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Qodirov 2028-yilda Samarqandda o‘tkaziladigan IAC-2028 kongressiga tayyorgarlik haqida ham so‘zlab, xalqaro kosmik hamjamiyat vakillarini unda ishtirok etishga taklif qildi.

Ramka shartnomasining imzolanishi TDTga a’zo davlatlarning kosmik sohadagi hamkorligida yangi bosqichni boshlab, ilmiy, texnologik va sanoat salohiyatini birgalikda rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing