Ukrainada 18 yoshdan boshlab ko‘ngillilar uchun shartnoma tasdiqlandi

Dunyo

Ukraina Vazirlar Mahkamasi 18–24 yosh orasidagi ko‘ngillilar uchun bir yillik xizmat shartnomasini ma’qulladi. Bu haqida 11-fevral, seshanba kuni kechqurun Mudofaa vaziri Rustem Umerov Facebook orqali ma’lum qildi. "Biz armiyani zamonaviy talablarga javob beradigan yangi tizim asosida shakllantirmoqdamiz", — dedi u.

Ukrainada 18 yoshdan boshlab ko‘ngillilar uchun shartnoma tasdiqlandi
Mazkur shartnomaga ko‘ra, ko‘ngillilar quyidagi bosqichlarni o‘tashadi:

Asosiy umumiy harbiy tayyorgarlik

Kasbiy tayyorgarlik

Harbiy qismda moslashuv kursi

Ko‘ngillilarga jami 1 million griven (taxminan 23 ming yevro) miqdorida bir martalik pul mukofoti to‘lanadi:

200 000 griven – shartnoma imzolangandan so‘ng

300 000 griven – tayyorgarlikdan o‘tgandan so‘ng

500 000 griven – xizmat tugagach, harbiy qism ro‘yxatidan chiqarilgan kuni

Shuningdek, ular oylik 120 000 grivengacha pul ta’minoti, xizmatdan keyin 0% ipoteka krediti olish imkoniyati va boshqa ijtimoiy kafolatlarga ega bo‘lishadi.

12-yanvar kuni AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha prezident maslahatchisi lavozimiga tayinlanishidan biroz oldin, Kongress a’zosi Mayk Uolts (Mike Waltz) ABC News telekanali efirida Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarining sharti sifatida frontdagi barqarorlik ta’minlanishi lozimligini ta’kidladi.

U Ukraina Qurolli Kuchlarida askarlar yetishmovchiligi muammosini ko‘tarib, uni hal qilish zarurligini eslatdi. "Hozir Ukrainada chaqiriq yoshi 18 emas, 26 yoshdan boshlanadi (aslida – 25 yoshdan)", — dedi Uolts. "Agar ukrainlar butun dunyoni demokratiyani qo‘llab-quvvatlashga chaqirayotgan bo‘lsa, ular ham demokratiya yo‘lida oxirigacha borishlari kerak", — deya xulosa qildi u.

Shuningdek, 8-fevral kuni Germaniya kansleri Olaf Shols (Olaf Scholz) RND media guruhi bilan suhbatda Ukraina armiyasi kelajakda o‘z moliyaviy mablag‘lari bilan o‘zini ta’minlay olmasligi va unga Germaniya hamda boshqa hamkorlarning yordami zarur bo‘lishini aytib o'tgan edi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing