Alisher Usmonovning USM xoldingiga yangi rahbar tayinlandi

Biznes

Milliarder Alisher Usmonovning aktivlarini boshqaruvchi USM kompaniyalar guruhiga Oksana Gorshkova rahbar etib tayinlandi. Avvalroq, 2022-yil aprelida Ivan Streshinskiy o‘rniga bosh direktor lavozimini Yerko‘ja Oqilbek egallagan edi.

Alisher Usmonovning USM xoldingiga yangi rahbar tayinlandi
Foto: Forbes.ru
Bosh direktor Yerko‘ja Oqilbek o‘z lavozimini tark etdi va guruhdagi barcha kompaniyalarning boshqaruv organlaridan iste’foga chiqdi, deb xabar berdi RBKga Alisher Usmonovning USM xoldingi matbuot xizmati.

Rasmiy xabarda aytilishicha, Oksana Gorshkova USM xoldingining yangi rahbari etib tayinlandi. U 2012-yilda guruh tashkil etilganidan beri USMda ishlaydi va ketma-ket bir qator yetakchi rollarni, jumladan, USMning maʼmuriy, operatsion va boshqaruvchi direktori, USM Telecom va boshqa guruh bizneslarining boshqaruvchi direktorini egallagan.

USM bosh direktorning ishdan olinishini Oqilbekning shaxsiy qarori bilan izohladi. Yerko‘ja Oqilbek 2022-yilda Ivan Streshinskiy o‘z lavozimini tark etganidan so‘ng USM bosh direktori bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, USM Holdings asoschisi va asosiy aksiyadori (49% ulushga ega) milliarder Alisher Usmonov 2022-yil fevralida Yevropa Ittifoqi (YeI) sanksiyalariga tushib qolgan edi.

Sanksiyalar asoslanishida Usmonovning Prezident Vladimir Putin bilan yaqin aloqada ekanligi va Ukrainani beqarorlashtirishga qaratilgan siyosatni faol qo‘llab-quvvatlashi ko‘rsatilgan. Keyinchalik tadbirkorga qarshi AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va Yaponiya tomonidan ham sanksiyalar joriy etildi.

Usmonov Rossiyadagi eng yirik temir rudasi ishlab chiqaruvchi Metalloinvest va MegaFon kompaniyalarini nazorat qiluvchi Rossiya investitsiya guruhi USM ning 49% ulushiga ega. U Rossiyaning "Kommersant" gazetasini boshqaradi, shuningdek AliExpress Russia Holding va Akkermann Cement kompaniyalaridagi ulushlarga ega. Forbes Usmonovning boyligini $14,4 mlrd dollarga baholamoqda.

O‘zbekistonda Usmonov xoldingi "Ucell" mobil operatori va "CRPT Turon" tovarlarni markalash tizimining operatoriga egalik qiluvchi "Digital Holding" QK hammuassisi hisoblanadi. Bundan tashqari, USM sho‘ba korxonasi "Akkerman Cement CA" 2022-yil boshida "Ohangaransement" sement zavodining egasi bo‘ldi, keyinchalik u ham 2023-yil aprel oyida AQSh sanksiyalari ro'yxatiga kiritildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing