Warner Bros. Paramountning 108 mlrd dollarlik taklifini rad etdi

Biznes

Warner Bros. Discovery rahbariyati Paramount tomonidan taklif qilingan 108 milliard dollarlik bitimdan voz kechib, Netflix bilan kelishuvni aksiyadorlar uchun yanada foydali va ishonchli yo‘l deb topdi.

Warner Bros. Paramountning 108 mlrd dollarlik taklifini rad etdi
Warner Bros. Discovery direktorlar kengashi Paramount Skydance kompaniyasining mediaxoldingni 108,4 milliard dollarga sotib olish haqidagi taklifini rad etdi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi. Kengash aksiyadorlarni bir aksiya uchun 30 dollar narxda taklif qilingan sotuvni qabul qilmaslikka va Netflix bilan muzokaralardan voz kechmaslikka chaqirdi.

Direktorlar kengashining maktubida Paramount taklifi ko‘plab va jiddiy xatarlar bilan bog‘liqligi, shuningdek, kompaniya aksiyadorlarni bir necha bor chalg‘itgani ta’kidlangan. Shu bilan birga, Netflix bilan birlashuv aksiyadorlar uchun yanada barqaror va manfaatli variant sifatida baholandi.

Paramount Skydance taklifi 2026 yil 8 yanvargacha amal qiladi. Avvalroq Warner Bros. aktivlari uchun Netflix va Paramount bir necha oy davomida raqobat olib borgan. 5 dekabr kuni Netflix Warner Bros. kinostudiyalari va HBO Max striming xizmatini 82,7 milliard dollarga — har bir aksiya uchun 27,75 dollar narxda sotib olish niyatini e’lon qilgan edi. Paramount esa butun xoldingni, jumladan CNN, TNT Sports va Discovery kabel kanallarini ham qamrab olgan holda sotib olishni taklif qilgan.

Netflix bilan kelishuv AQSh rasmiylarining e’tiborini tortdi. Prezident Donald Tramp bu bitim Netflixning bozor ulushi allaqachon katta ekanini inobatga olib, muammo tug‘dirishi mumkinligini bildirgan. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Paramount bitimni barbod qilish maqsadida Yaqin Sharq suveren fondlari va Jared Kushnerga aloqador Affinity Partners kompaniyasidan moliyalashtirish jalb qilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing