Xitoy AQSh mahsulotlariga 84 foiz javob bojlarini joriy etdi
Dunyo
Xitoy hukumati AQShdan import qilinadigan mahsulotlarga yangi javob bojlarini e’lon qildi. Bu bojlar avvalgi 34 foizlik soliqdan tashqari yana 50 foiz miqdorda belgilangan. Shunday qilib, 10-apreldan boshlab AQShdan import qilinadigan barcha mahsulotlarga jami 84 foizlik boj stavkasi kuchga kiradi. Bu haqida Pekin moliya vazirligi xabar berdi.
Bunga sabab bo‘lgan holat shuki, AQSh prezidenti Donald Tramp oldingi kun Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga 50 foizli yangi boj joriy qilinishini e’lon qilgandi. Bu yangi bojlar ilgari belgilangan 34 foizlik tariflar bilan birgalikda 9-aprel kuni kuchga kirgan. Shu tariqa, Xitoydan AQShga import qilinadigan mahsulotlar uchun umumiy maxsus boj stavkasi 104 foizga yetdi.
Oq uy matbuot kotibi Kerolin Livitning ma’lum qilishicha, Tramp Pekindan telefon qo‘ng‘irog‘ini kutmoqda va "Xitoy unga qo‘l cho‘zsa, insof bilan munosabatda bo‘lishga va’da bergan". Biroq bir kun oldin Tramp bojlar bo‘yicha Xitoy bilan qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish niyatida emasligini bildirgan edi.
Trampning bu harakatlari butun dunyo bo‘ylab siyosatchilar va iqtisodchilarning keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. Fond bozorlarida indekslar pasayib ketdi, neft narxlari ham keskin tushdi. Jahon bo‘ylab iste’mol narxlarining oshishi va iqtisodiy o‘sish sur’atining sekinlashuvi kutilmoqda.
dpa agentligining ta’kidlashicha, Trampning ko‘pchilik mamlakatlarga nisbatan yangi bojlar joriy etish qarori uning savdo siyosatidagi eng agressiv va eng xavfli qarori sifatida baholanmoqda.
Powered by Froala Editor