Xitoy AQShning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nishonga olishi mumkin

Iqtisodiyot

Xitoy AQSh tomonidan joriy qilinayotgan yangi import tariflariga javoban qator chora-tadbirlarni ko‘rib chiqmoqda. Davlatga qarashli Global Times nashrining xabar berishicha, ushbu choralar, asosan, AQShning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qaratilishi mumkin.

Xitoy AQShning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini nishonga olishi mumkin
O‘tgan hafta AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha 10% bojxona to‘lovi joriy etilishi haqida bayonot berdi, bu esa jami tarifni 20% ga yetkazadi.

Global Times gazetasi noma’lum manbaga tayanib, "Xitoy AQSh mahsulotlariga nisbatan qo‘shimcha 10% bojxona to‘lovi tahdidiga javoban tegishli choralarni o‘rganmoqda va ishlab chiqmoqda" deb xabar berdi. Nashrning ta’kidlashicha, bu choralar orasida tariflar va tarifdan tashqari boshqa cheklovlar ham bo‘lib, ayniqsa AQShning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari nishonga olinishi mumkin.

AQSh iqtisodiyoti uzoq yillardan beri Xitoyning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga qarshi qo‘llagan sanksiyalariga sezgir bo‘lib kelgan. Xitoy hanuzgacha AQShning eng yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozori bo‘lib qolmoqda, ammo 2018-yildan boshlab import hajmini kamaytirgan. O‘shanda Pekin Tramp ma’muriyatining Xitoy tovarlariga nisbatan joriy qilgan bojxona tariflariga javoban soya, mol go‘shti, cho‘chqa go‘shti, bug‘doy, makkajo‘xori va sorgoga 25% gacha boj solgan edi.

Xitoy, dunyoning eng yirik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importchisi va ikkinchi yirik iqtisodiyoti sifatida, 2024-yilda AQShdan 29,25 milliard dollarlik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari import qildi. Bu oldingi yilga nisbatan 14% ga kamayganini anglatadi.

Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, Xitoy hali ham Tramp ma’muriyati bilan savdo urushining oldini olish uchun kelishuvga erishishga umid qilmoqda. Ammo hozircha hech qanday savdo muzokaralari rejalashtirilmagan, bu esa tomonlar o‘rtasidagi murosaning ehtimolini pasaytiradi.

"Xitoy-AQSh savdo urushi muqarrar emas, lekin Trampning hozirgi qarori noto‘g‘ri. Tramp va uning maslahatchilari bu tariflarni joriy etish Xitoyga bosim o‘tkazish va signal yuborish deb o‘ylashlari mumkin, ammo bu aks ta’sir qilib, Xitoy keskin javob qaytarishi aniq," – deya fikr bildirdi Pekin universiteti huzuridagi Global Hamkorlik va Tushuncha Instituti ijrochi direktori Van Dong.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing