Xitoy xakerlari AQSh Moliya vazirligi g’aznasini buzib kirgan

Dunyo

Xitoy hukumati bilan bog‘liq xakerlar AQSh Moliya vazirligining iqtisodiy va savdo sanksiyalarini boshqarish bilan shug‘ullanuvchi bo‘linmalarining kompyuter tizimiga hujum qildi. Bu haqida The Washington Post gazetasi xabar berdi.

Xitoy xakerlari AQSh Moliya vazirligi g’aznasini buzib kirgan
Xabarda aytilishicha, xakerlar Tashqi aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi (OFAC) va Moliya tadqiqotlari boshqarmasi (OFR) serverlarini buzib kirgan. Shuningdek, ular AQSh Moliya vaziri Janet Yellenning ofisini ham nishonga olishga urinishgan.

AQSh Moliya vazirligi bu hafta Kongressga yuborgan maktubida, xakerlar "yirik hodisa" davomida maxfiy bo‘lmagan hujjatlarni o‘g‘irlagani va kiberxavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi BeyondTrust kompaniyasini ham buzib kirgani haqida xabar bergan.

The Washington Post’ning yozishicha, Xitoy hukumatining bu xakerlik hujumlari AQSh tomonidan moliyaviy sanksiyalar qo‘yilishi mumkin bo‘lgan xitoylik tashkilotlarga qaratilgan bo‘lishi mumkin.

Dekabr oyida Janet Yellen AQSh Rossiyaning neft savdosidan tushadigan daromadlarini kamaytirish va urush uchun zarur bo‘lgan chet el ta’minotlariga kirishni cheklash maqsadida Xitoy banklariga sanksiyalar qo‘yishni ko‘rib chiqayotganini bildirgan edi.

AQSh Moliya vazirligi The Washington Post xabarini sharhlashdan bosh tortdi. Biroq Xitoyning AQShdagi elchixonasi matbuot kotibi Liu Pen’yuy bu xabarni "mantiqsiz", "asoslanmagan" va "Pekin manfaatlariga qarshi tuhmat" deb atadi. U Xitoyning barcha turdagi kiberhujumlar bilan kurashishini ta’kidladi. Bu voqea AQSh va Xitoy o‘rtasidagi kiberxavfsizlik masalalari bo‘yicha keskinlikni yanada kuchaytirishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing