MAGATE O‘zbekistondagi ilk AES qurilishini baholaydi

O'zbekiston

Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) missiyasi 2026 yilning ikkinchi yarmida O‘zbekistonga tashrif buyurib, mamlakatdagi birinchi atom elektr stansiyasi qurilishining borishini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

MAGATE O‘zbekistondagi ilk AES qurilishini baholaydi
Mazkur masala Azim Axmedxodjayev va MAGATE bosh direktori Rafael Grossi o‘rtasida Parij shahrida o‘tgan Ikkinchi xalqaro yadro energetikasi sammiti doirasida muhokama qilindi.

Tomonlar Jizzax viloyatining Forish tumanida qurilayotgan atom elektr stansiyasi loyihasining amalga oshirilish jarayonini ko‘rib chiqdi. Uchrashuvda stansiya maydonida birinchi beton quyish ishlarini boshlashga tayyorgarlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

MAGATE rahbari loyiha muhimligini ta’kidlab, uning asosiy xususiyatlaridan biri katta va kichik quvvatli reaktorlarning yagona energiya majmuasida integratsiya qilinishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida Rafael Grossi O‘zbekiston yadro dasturini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi va birinchi beton quyish marosimida ishtirok etish taklifini qabul qildi.

Tomonlar, shuningdek, MAGATE kotibiyatida o‘zbekistonlik mutaxassislar sonini oshirish masalasini ham muhokama qildi. Bu milliy tajribani xalqaro loyihalarga samaraliroq integratsiya qilish va atom energetikasi sohasida kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

O‘tgan yil oktabr oyida AES qurilishi maydonida kotlovan qazish ishlari boshlangan. 2026 yil boshida “O‘zatom” stansiya qurilishi uchun ruxsat olishni rejalashtirmoqda, birinchi beton quyish esa mart oyiga mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida VVER-1000 (3+ avlod) reaktorlari asosida ikkita yirik energoblok hamda har biri 55 MVt quvvatga ega RITM-200N kichik reaktorlari asosidagi yana ikkita energoblok qurilishi rejalashtirilgan. Stansiyani to‘liq qurib bitkazish 2035 yilga mo‘ljallangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing