Xitoy yuklari uchun Kaspiy raqobati Turkmaniston va O‘zbekiston rolini kuchaytirmoqda

Iqtisodiyot

O‘rta yo‘lakda Xitoy yuklari uchun raqobat kuchaymoqda. Uzoq vaqt davomida Markaziy Osiyodagi asosiy yo‘nalish bo‘lib kelgan Qozog‘iston bilan bir qatorda Turkmaniston ham Kaspiy tranzitidagi imkoniyatlarini kengaytirmoqda. O‘zbekiston esa Ozarbayjonga olib chiqadigan yangi multimodal yo‘nalishning muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda.

Xitoy yuklari uchun Kaspiy raqobati Turkmaniston va O‘zbekiston rolini kuchaytirmoqda
An’anaviy ravishda Xitoy yuklari Xitoy — Qozog‘iston — Kaspiy dengizi — Ozarbayjon yo‘nalishi bo‘ylab tashilgan. Biroq Xitoy Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkmaniston orqali o‘tadigan janubiy yo‘nalishni sinovdan o‘tkaza boshladi. Sinovlar davomida Osh temir yo‘l vokzalidan Bokugacha yuk yetkazish 11 kunni tashkil etdi.

2025-yilda Xitoy, Ozarbayjon, Turkmaniston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston yangi multimodal yo‘nalishni ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Xitoydan keladigan yuklar avval O‘shga, undan O‘zbekiston va Turkmaniston orqali Kaspiy dengizi bo‘ylab Bokuga yetkaziladi.

Shu fon’da Ashxobod Turkmanboshi portining imkoniyatlarini kengaytirib, Kaspiy tranzitidagi ulushini oshirishga intilmoqda. Manbalarda keltirilishicha, 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida Boku va Turkmanboshi portlari o‘rtasidagi yuk tashish hajmi qariyb 35 foizga oshib, 1,5 mln tonnaga yaqinlashgan.

Raqobatning yana bir muhim omili — raqamlashtirish. Iyul oyida Ozarbayjon, Turkmaniston va O‘zbekiston eTIR tizimi orqali ilk multimodal tashuvlarni amalga oshirdi. Elektron bojxona ma’lumotlari almashinuvi qog‘oz hujjatlarni kamaytirish va chegaradan o‘tish jarayonlarini tezlashtirish imkonini beradi.

Turkmaniston transport sohasida BMT bilan hamkorlikni kengaytirish masalasini ham ilgari surmoqda. Mintaqaviy OAV xabarlariga ko‘ra, Ashxobod logistika va hamkorlik bo‘yicha xalqaro markaz tashkil etish tashabbusini muhokama qilmoqda.

Qozog‘iston esa o‘z yo‘nalishini rivojlantirishda davom etmoqda. «Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi» sammitida Prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev TRIPP tashabbusini O‘rta yo‘lak bilan bog‘lash va Janubiy Koreyadan Markaziy Osiyo orqali Yevropagacha yagona logistika zanjirini yaratishni taklif qildi.

«So‘nggi olti yil ichida ushbu koridor orqali yuk tashish hajmi besh baravar oshdi. Yaqin istiqbolda uning o‘tkazuvchanlik quvvatini 20 mln tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqdamiz», — dedi To‘qayev.

O‘zbekiston uchun janubiy yo‘nalishning rivojlanishi temir yo‘l tranzitini va qo‘shimcha daromadlarni oshirish imkonini beradi. Umuman, yo‘nalishlar o‘rtasidagi raqobat tariflarning pasayishi va O‘rta yo‘lakning yuk jo‘natuvchilar uchun jozibadorligi ortishiga xizmat qilishi mumkin.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing