Xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlar rag‘batlantiriladi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev, xorijiy tillardan “C1” darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz subsidiya berilishi haqida, bugun bo'lib o'tgan yoshlar bilan muloqot uchrashuvida aytib o'tdi.

Xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlar rag‘batlantiriladi
Mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lab beriladi.

Shuningdek muloqotda, IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bunda asosiy kuch, albatta, yoshlar ekani ta’kidlandi. “Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Coursera” platformasida 3 mingdan ortiq kurslarda sun’iy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.

Bu yil "Muhammad Xorazmiy vorislari" loyihasi Qoraqalpog‘istonda ham joriy etilib, yana 1 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.

O‘tgan yili 25 ming nafar qizlar IT bo‘yicha bepul o‘qitildi. Bu yil dasturchi qizlar soni 2 barobar oshirilishi reja qilindi. 1 ming nafar iqtidorli qizlar IT oromgohlarida xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.

Mutasaddilarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirildi.

Shuningdek muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi ta’lim ekani ta’kidlandi. Shuning uchun kam ta’minlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga ta’lim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.

Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.

Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitilishi aytib o'tildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing