Yangi islohotlar o‘zbek artistlari va talabalari hayotini qanday o‘zgartiradi

O'zbekiston

O‘zbekistonda madaniyatni boshqarishning eski byurokratik tizimini tubdan tugatish boshlanmoqda, bu esa kreativ sanoatni keng ko‘lamda kapitallashtirishga yo‘l ochadi. Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev misli ko‘rilmagan islohotlar paketini e’lon qildi. Unga ko‘ra, badiiy kengashlarning samarasiz nazorati tugatiladi, sotilgan har bir chipta uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri budjet subsidiyalari joriy etiladi hamda maktab ijodiyoti sun’iy intellektdan foydalangan holda innovatsiyalar inkubatoriga aylantiriladi. Ushbu ulkan loyihaning maqsadi — kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion so‘mga yetkazish, milliy san’atni moliyaviy mustaqil, nufuzli va jahon bozorida raqobatbardosh qilishdan iboratdir.

Yangi islohotlar o‘zbek artistlari va talabalari hayotini qanday o‘zgartiradi
O‘zbekiston kreativ iqtisodiyot hajmini 145 trillion so‘mga yetkazish kursini oldi. Ushbu strategiya doirasida Respublika kinematografiya komissiyasi va Milliy-badiiy kengashlar butunlay tugatilib, ularning o‘rnini haq to‘lanadigan mustaqil ekspert guruhlari egallaydi. Modernizatsiya butun kino sanoatini qamrab oladi: “O‘zbekfilm” markaziy kinokonsernga aylanadi, xorijiy kinostudiyalar mamlakat hududida soliqlardan ozod qilinadi, davlat buyurtmasi budjetining 30 foizigacha qismi reklomaga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, prodyuserlar prokatdan tushgan tushumning 50 foizini oladilar. Kann xalqaro festivalida “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” inklyuziv filmi uchun Gran-pri g‘olibi bo‘lgan rejissyorlar Suxrob Qodirov va Dilshodbek Usmonovga faoliyatini davom ettirish uchun 1 milliard so‘mlik vaucher topshirildi.

Teatrlar ham jiddiy qo‘llab-quvvatlanadi. Muqimiy, Berdaq nomidagi akademik teatrlar va Milliy qo‘g‘irchoq teatri to‘liq moliyaviy va ijodiy muxtoriyatga o‘tadi. Bundan tashqari, noyob subsidiya mexanizmi joriy etilmoqda: davlat teatrlarga sotilgan har bir chipta uchun qo‘shimcha 10 ming so‘m (hududiy gastrollarda esa 20 ming so‘m) to‘laydi. Infratuzilmani rivojlantirish uchun Toshkent va Nukusda kreativ parklar barpo etilmoqda, 1,5 million sayyohni jalb qilib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan Namangan Gullar festivali muvaffaqiyati esa boshqa hududiy loyihalarga asos bo‘ladi.

Ta’lim sohasi butunlay yangilanmoqda. Maktablarda “Art” dasturi ishga tushirilib, unda yuqori sinf o‘quvchilariga grafika, dizayn va sun’iy intellekt bilan ishlash o‘rgatiladi. Kamida 1,5 million o‘quvchini musiqaga jalb qilish rejalashtirilgan; maktablar cholg‘u asboblari xarid qilish uchun subsidiyalar, pedagoglar esa bolalar muvaffaqiyati uchun 20 foizgacha ustama oladilar. 326 ta san’at maktabi o‘qituvchilarining maoshi umumta’lim maktablari bilan tenglashtiriladi. Respublika tanlovlari g‘oliblari oliygohlarga imtihonsiz kirish huquqiga ega bo‘ladi, ularning ijodini ommalashtirishga 500 million so‘mlik grantlar ajratiladi. Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun har yili 30 milliard so‘m moliyalashtiriladigan “Inklyuziv ijodiy ustaxonalar” ochiladi.

Sohadagi texnikumlar Madaniyat vazirligiga o‘tkazilib, oliygoh maqomini oladi. 10 ta ixtisoslashgan universitet talabalariga startaplar uchun 50 milliard so‘m ajratiladi va ular taniqli san’atkorlar rahbarligida dual ta’limga o‘tadilar. Taklif etilgan xorijiy professorlar art-menejment kurslarini joriy qiladi, konservatoriya va San’at instituti negizida esa yagona malaka oshirish instituti ochiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing