Yaponiyalik taniqli qo'shiqchi va sozanda "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlandi

O'zbekiston

O'zbekiston elchixonasi tomonidan Mashu Komazakini Yaponiyadagi "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlashga bag'ishlangan tantanali tadbir o'tkazildi. Unda elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirish, yapon jamoatchiligini O’zbekiston boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qo'shayotgan munosib hissasi uchun Komazaki Mashu xonimga "O'zbek madaniyati elchisi" ko'krak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirdi.

Yaponiyalik taniqli qo'shiqchi va sozanda "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlandi
Elchi "O'zbek madaniyati elchisi" degan maqom birinchi bo'lib Yaponiya fuqarosiga berilgani, albatta O'zbekiston hukumati tomonidan Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e'tiborning tasdig'i ekanligini ta'kidladi. Ushbu yuksak maqom Komazaki Mashuga Yaponiyada O'zbekiston madaniyati va san'atini yanada targ'ib qilishida keng imkoniyatlar ochilishi qayd etildi.

Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi bo'lib olganidan benihoya baxtli ekanligini bildirib, yuksak ishonch uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.

Tadbirda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targ'ib qilish bo'yicha qo'shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, OAVda O'zbekiston haqida turkum materiallarni e'lon qilish bo'yicha kelishib olindi.

Mashu Komazaki Tokio shahrida tug'ilgan. 2010-yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017-yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko'ngillilari (JOCV) dasturi bo'yicha Buxoro shahridagi o'rta umumta'lim maktabida musiqa o'qituvchisi sifatida ishlagan.

O'zbekistondagi faoliyati davomida o'zbek milliy musiqa asboblari, xususan dutor chalishni o'rgangan. U 2018-yilda O'zbekistonda bo'lib o'tgan Birinchi xalqaro maqom san'ati anjumanida o'zbek dutorida "Sunbula" kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o'rinni egalladi. 2024-yilda o'tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali va "Boysun bahori" xalqaro folklor festivalida ham faxrli uchinchi o'rinni qo'lga kiritgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing