Yer sayyorasi halokatli tarzda qizimoqda

Dunyo

2024-yil Yer sayyorasining eng issiq yili sifatida tarixga kiradi. Yevropa Ittifoqining Kopernik Iqlim O‘zgarishi Xizmati (C3S) ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil sayyoradagi o‘rtacha harorat belgilangan darajadan 1,5°C oshdi. 2024-yilda iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlari dunyoning har burchagida sezildi.

Yer sayyorasi halokatli tarzda qizimoqda
C3S direktori Karlo Buontemponing aytishicha, 2024 yilning har bir oyi o‘z tarixida eng issiq yoki ikkinchi eng issiq oy sifatida qayd etildi. Umuman olganda, 2024 yil harorati sanoatgacha bo‘lgan davr (1850–1900 yillar)ga nisbatan 1,6°C yuqori bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning Meteorologiya xizmati ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi hamda yilning o‘rtacha haroratini 1,53°C ko'tarilmoqda deb baholadi. AQSh milliy meteorologiya xizmati esa ushbu ma’lumotlarni yaqin kunlarda e‘lon qilishi rejalashtirilgan.

2015-yilgi Parij Bitimiga binoan, davlatlar global haroratni 1,5°C chizig‘idan oshirmaslikka va’da bergan edi. Ammo, C3S ma’lumotlariga ko‘ra, issiqxona gazlari chiqindilarining ko‘payishi sabab, bu maqsadga erishish tobora qiyinlashmoqda. Buontemponing ta’kidlashicha, hali kech emas: davlatlar chiqindilarni keskin kamaytirish bo‘yicha chora ko‘rsa, halokatli darajaga yetishning oldini olish mumkin.

2024-yilda iqlim o‘zgarishining halokatli oqibatlari dunyoning har burchagida sezildi. Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari kamida besh kishining hayotiga zomin bo‘ldi, yuzlab uylar vayron bo‘ldi. Boliviya va Venesueladagi yong‘inlar, Nepal, Sudan va Ispaniyadagi toshqinlar, Meksika va Saudiya Arabistonidagi issiqlik to‘lqinlari minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi.

Atmosferadagi suv bug‘i miqdori 2024-yilda rekord darajaga yetdi, bu esa kuchli bo‘ronlar va yomg‘irlarning ko‘payishiga olib keldi. Shu bilan birga, AQShda zarar miqdori bir milliard dollardan oshgan 24 ta tabiiy ofat qayd etildi.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp iqlim o‘zgarishini "soxtalik" deb atadi. Bu esa olimlar va jamoatchilik orasida xavotir uyg‘otmoqda.

Berkeley Earth tashkiloti olimi Zik Hausfaterning prognoziga ko‘ra, 2025-yil ham tarixdagi eng issiq yillardan biri bo‘ladi. El-Nino ob-havo hodisasi issiq haroratga qo‘shimcha ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa-da, asosiy omil inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan issiqxona gazlari va  chiqindilar ekanligi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing