Ukraina bo‘yicha muzokaralarda Yevropaning AQShga ishonchi so‘nmoqda

Dunyo

Yevropa yetakchilari Ukraina bo‘yicha davom etayotgan tinchlik muzokaralarida AQShning niyatlariga tobora ko‘proq shubha bilan qaramoqda. Der Spiegel xabariga ko‘ra, maxfiy suhbat yozuvida Germaniya kansleri, Fransiya prezidenti, Vladimir Zelenskiy va boshqa yevropalik rahbarlar Vashingtonning Moskva bilan hududiy kelishuvga borishi mumkinligidan — va buni Kiyev xavfsizligi bo‘yicha aniq kafolatlarsiz amalga oshirishi ehtimolidan — jiddiy xavotir bildirgan.

Ukraina bo‘yicha muzokaralarda Yevropaning AQShga ishonchi so‘nmoqda
1 dekabr kuni o‘tgan uchrashuv tafsilotlariga ko‘ra, Fridrix Mers va Emmanuel Makron AQShning bir tomonlama qarorlar qabul qilishi xavfi haqida ogohlantirgan. Makronning fikricha, Vashington “Ukrainani hududiy masalada ortda qoldirishi” ham mumkin. Germaniya kansleri Zelenskiyni ehtiyot bo‘lishga chaqirib, AQSh muzokarachilari Stiv Uitkoff va Jared Kushnerni “Kiyev va Yevropa bilan o‘yin o‘ynamoqda” deya ta’riflagan.

Finlyandiya prezidenti Aleksandr Stubb ham Uitkoff va Kushnerga haddan tashqari ishonmaslikni tavsiya qilib, “Ukrainani va Vladimir Zelenskiyni bu odamlar bilan yakkalab qoldirmaslik kerak”, degan. NATO bosh kotibi Mark Ryutte ham shu fikrga qo‘shilgan.

Yevropada ayniqsa kuchli norozilik uyg‘otgan masala — AQShning muzlatilgan Rossiya aktivlari taqdirini yakka holda hal qilish istagi. Bu aktivlarning katta qismi Yevropa moliyaviy institutlarida saqlanadi.

Garchi yevropalik siyosatchilar omma oldida AQSh tashabbusini muntazam qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinsa-da, yozuvdan ko‘rinishicha, uchrashuv ishtirokchilarining aksariyati Vashington elchilariga ishonmaydi. Fransiya Prezidenti matbuot xizmati Makronning AQShni “xiyonatda” ayblaganini inkor qilgan, Germaniya kansleri idorasi esa Mersning faqat rasmiy bayonotlariga tayanishni tavsiya qilgan. Zelenskiy vakillari sharh berishdan bosh tortgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing