Prezident Qoraqalpog‘istonni 2030 yilgacha rivojlantirish rejasini tasdiqladi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2030 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturini tasdiqladi. Hujjat 21 fevral kuni imzolangan va 2026 yil 28 fevraldan kuchga kirdi.

Prezident Qoraqalpog‘istonni 2030 yilgacha rivojlantirish rejasini tasdiqladi
Rejaga ko‘ra, 2026 yil oxiriga qadar yalpi hududiy mahsulotni 8,1 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8 foizga oshirish hamda 3,5 mlrd dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Ishsizlik darajasi 4,2 foizgacha, kambag‘allik darajasi esa 3,2 foizgacha kamaytiriladi.

Nukus, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 mahallada to‘liq bandlikni ta’minlash va aholi daromadlarini oshirish choralari belgilanmoqda. Yana 90 mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish va infratuzilmani modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

2030 yilgacha 5 mlrd dollardan ortiq investitsiyalarni sun’iy intellekt texnologiyalariga yo‘naltirish, qayta tiklanuvchi energiya ulushini 70 foizga yetkazish va markazlashgan ichimlik suvi ta’minotini 83,5 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, hukumat tuzilmasida o‘zgarishlar kiritilib, ekologiya va Orolbo‘yi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosar lavozimi bekor qilindi. Uning o‘rniga yaylovlardan samarali foydalanish va chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing