Yevropa Ittifoqi Ukrainaning 2026-yildagi moliyaviy va mudofaa ehtiyojlari to‘liq qoplanganini bildirdi

Dunyo

Yevropa Komissiyasi Ukrainaning 2026-yil uchun moliyaviy va mudofaa ehtiyojlari to‘liq ta’minlanganini ma’lum qildi. Bu bayonot Kiyev bilan bir necha hafta davom etgan maslahatlashuvlardan so‘ng, Ukraina tomonidan moliyalashtirish taqchilligi haqida avval bildirilgan xavotirlar fonida yangradi.

Yevropa Ittifoqi Ukrainaning 2026-yildagi moliyaviy va mudofaa ehtiyojlari to‘liq qoplanganini bildirdi
“Bugun muvofiqlashtirilgan qo‘shma sa’y-harakatlar tufayli Ukrainaning 2026-yilgi byudjet va mudofaa ehtiyojlarini qoplash uchun resurslarni aniqladik”, — deyiladi Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayen e’lon qilgan bayonotda. Bryussel mablag‘larni o‘z vaqtida ajratish uchun zarur bo‘lgan choralarni ham tasdiqlagan.

Avgust oxirida Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy ittifoqchilarni moliyaviy taqchillikni qoplashga chaqirgan edi. Dastlab bu kamomad $27 mlrd, ya’ni qariyb €24 mlrd miqdorida baholangan. Zelenskiy mablag‘ yetishmasligi hayotiy muhim qurol-yarog‘ yetkazib berishiga xavf tug‘dirayotganini bildirgan. Shundan so‘ng Yevrokomissiya Ukraina hukumati bilan ehtiyojlarning aniq hajmini belgilash bo‘yicha texnik maslahatlashuvlar olib bordi.

Yevropaning asosiy yordam kanali 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan €90 mlrd miqdoridagi kredit bo‘lib qolmoqda. Ushbu mablag‘ning €45 mlrdi 2026-yilga, yana €45 mlrdi esa 2027-yilga mo‘ljallangan. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, paket byudjet va mudofaa ehtiyojlarini moliyalashtirishni o‘z ichiga oladi.

Bryussel mablag‘larning ajratilishini kelishilgan shartlar va islohotlarning bajarilishi bilan bog‘lamoqda. Yevrokomissiya avvalroq Ukrainaga moliyaviy yordam huquq ustuvorligi, korrupsiyaga qarshi kurash va iqtisodiy barqarorlik sohalaridagi talablar bilan birga berilishini bildirgan.

Endi tomonlar e’tiborini 2027-yilga qaratmoqda. Yevrokomissiya kreditning ikkinchi qismi — €45 mlrdni belgilangan shartlarga rioya qilingan holda imkon qadar tez taqsimlash niyatini bildirdi. Shu bilan birga, YI va Ukraina qo‘shimcha byudjet hamda mudofaa ehtiyojlarini aniqlashni boshlaydi, hamkor davlatlardan esa moliyaviy hissalarini oshirish so‘ralmoqda.

Ukraina Moliya vaziri Serhiy Marchenko 2027-yil uchun byudjetning hali qoplanmagan tashqi moliyalashtirish ehtiyojini $32,6 mlrd deb baholagan. 29-sentabr kuni u mamlakatning kelasi yilgi umumiy tashqi moliyalashtirish ehtiyoji $52,6 mlrdni tashkil etishini, shundan qariyb $20 mlrd uchun kutilayotgan moliyalashtirish manbalari mavjudligini ma’lum qildi.

Yevrokomissiya bayonotiga javoban Zelenskiy Ukraina ehtiyojlarini 2026 va 2027-yillarda qoplash uchun format, muddatlar va keyingi choralar bo‘yicha kelishuvga erishilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar ishlarni har oy muvofiqlashtirib boradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing