153-MPU Assambleyasida O‘zbekiston parlament nazorati va ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytirish tajribasini taqdim etdi

O'zbekiston

O‘zbekiston 153-Parlamentlararo ittifoq Assambleyasida qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatini amalga oshirish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish borasidagi tajribasini taqdim etdi. Shu bilan birga, O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari Tanzila Narbayeva Tanzaniya va Belarus parlamentlari rahbarlari bilan uchrashib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

153-MPU Assambleyasida O‘zbekiston parlament nazorati va ijtimoiy imkoniyatlarni kengaytirish tajribasini taqdim etdi
Umumiy debatlarda samarali boshqaruvni mustahkamlash hamda inklyuzivlik, ishonch va barcha uchun imkoniyatlar asosida jamoalar imkoniyatlarini kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Davlat institutlariga ishonchni mustahkamlash, fuqarolarning qarorlar qabul qilish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish va parlamentlarning aholi hayotida aniq ijobiy o‘zgarishlarni ta’minlashdagi roli muhokamalarning asosiy yo‘nalishlari bo‘ldi.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva O‘zbekistonda ijtimoiy davlat tamoyillarini amalga oshirish, kambag‘allikni qisqartirish va ijtimoiy siyosatning huquqiy asoslarini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, u qonunchilikni takomillashtirish va davlat siyosatini amalga oshirish ustidan parlament nazoratini kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini taqdim etdi.

O‘zbekiston qonun loyihalarini tayyorlashda jamoatchilik va joylardagi vakillik organlari fikrini yanada to‘liq hisobga olish, davlat dasturlari va budjetlarni teng imkoniyatlar nuqtayi nazaridan baholash, parlament nazoratini esa qabul qilingan qarorlarning aholi hayotidagi amaliy natijalariga yo‘naltirishni taklif qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Ijtimoiy rivojlanishda parlamentlar rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyaga alohida e’tibor qaratildi. Hujjat parlamentlarning ijtimoiy rivojlanish, teng imkoniyatlar va inson farovonligini ta’minlash borasidagi mas’uliyatini kuchaytirishga qaratilgan.

Assambleya doirasida Tanzila Narbayeva Tanzaniya Birlashgan Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Mussa Azzan Zungu bilan uchrashdi. Tomonlar siyosiy va parlamentlararo aloqalarni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar. Tanzaniya tomoni O‘zbekiston va Tanzaniya o‘rtasida diplomatik munosabatlarni o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma kommyunike loyihasini qabul qilish jarayonini tezlashtirishga tayyorligini bildirdi. Parlamentlarda hamkorlik guruhlarini tuzish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari, Narbayeva Belarus Milliy majlisi Respublika kengashi Xalqaro ishlar va milliy xavfsizlik bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi Sergey Aleynik bilan uchrashdi. Tomonlar parlamentlararo muloqot, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish va xalqaro parlament tuzilmalari doirasidagi hamkorlikni muhokama qildilar.

Aleynik 29–30 sentabr kunlari Xivada o‘tkazilgan To‘rtinchi O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumini yuqori darajada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirdi. Kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, jumladan, 2027-yilda Belarusda o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdagi forumga tayyorgarlik ishlari boshlangan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing