ABB Davr Bankning 51 foiz ulushini 139,5 million dollarga sotib olishni yakunladi

Iqtisodiyot

Ozarbayjon Xalqaro banki (ABB) O‘zbekistondagi Davr Bank aksiyalarining 51 foizini sotib olishni yakunladi. Qiymati 1,646 trillion so‘m yoki 139,5 million dollarni tashkil etgan bitim 10-sentabr kuni “Toshkent” Respublika fond birjasida ketma-ket oltita tranzaksiya orqali amalga oshirildi.

ABB Davr Bankning 51 foiz ulushini 139,5 million dollarga sotib olishni yakunladi
Birja ma’lumotlariga ko‘ra, ABB Davr Bankning 51 million dona oddiy aksiyasini har bir aksiya uchun 32 281,28 so‘mdan sotib olgan. Nazorat paketini xarid qilish rejalari iyun oyidayoq O‘zbekiston Markaziy bankida muhokama qilingan. O‘shanda ABB Davr Bank ustav kapitalining 51 foizini sotib olish va bankni zamonaviy texnologiyalar hamda ilg‘or bank amaliyotlari asosida rivojlantirish niyatini bildirgan.

“ABB Davr” loyihasining rasmiy ochilishi 23-avgust kuni Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyev ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Ozarbayjon Prezidenti ushbu loyihani mamlakatning yetakchi banklaridan birining O‘zbekiston bozoriga kirishi sifatida baholagan. Bitim yakunlangach, Davr Bank ABB Davr brendi ostida faoliyat yuritishi ko‘zda tutilgan.

Davr Bank aksiyalari bilan Toshkent fond birjasidagi savdolar 5,5 yillik tanaffusdan so‘ng 28-avgust kuni qayta tiklandi. Qimmatli qog‘ozlar DRBK tickeri ostida listingga kiritildi.

Davr Bank O‘zbekistonda 2001-yildan buyon faoliyat yuritadi. 1-iyul holatiga ko‘ra, bank aktivlari 13,2 trillion so‘m, majburiyatlari 10,8 trillion so‘m, kredit portfeli 9,3 trillion so‘m va depozitlari 4,9 trillion so‘mni tashkil etgan. 2025-yil yakunida sof foyda 631,5 milliard so‘mga yetgan.

ABB uchun O‘zbekiston bozoriga kirish xalqaro kengayishning dastlabki bosqichiga aylandi. 2025-yil yakunida bankning sof foydasi 404,5 million manatni, kredit portfeli esa 7 milliard manatdan ortiqni tashkil etgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing