Acwa O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga Janubiy Koreya hamkorini jalb qilmoqda

Biznes

Saudiya Arabistonining Acwa energetika kompaniyasi va Janubiy Koreyaning Korea Western Power Co., Ltd. (KOWEPO) kompaniyasi O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi loyihalarni birgalikda izlash imkonini beruvchi anglashuv memorandumini imzoladi. Hujjat 25-avgust kuni Toshkentda imzolandi.

Acwa O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga Janubiy Koreya hamkorini jalb qilmoqda
Kelishuv qayta tiklanuvchi energiya manbalari, energiya saqlash tizimlari va tegishli infratuzilma bo‘yicha istiqbolli loyihalarni o‘rganishni nazarda tutadi. Imkoniyatlar qo‘shimcha baholash, ichki tasdiqlash jarayonlari va yakuniy bitimlar tuzilishidan so‘ng alohida loyihalar kesimida ko‘rib chiqiladi.

Tomonlar, shuningdek, Janubiy Koreyaning moliyaviy institutlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda. Acwa Central Asia prezidenti Abid Malikning ta’kidlashicha, hamkorlik O‘zbekiston energetika sektoridagi yangi imkoniyatlarni o‘rganish va Koreya moliyaviy institutlarini jalb qilish uchun platforma yaratadi.

Memorandumni imzolash marosimida Acwa Central Asia prezidenti Abid Malik va KOWEPO bosh direktori Li Jong Bok ishtirok etdi. Janubiy Koreya kompaniyasi uchun kelishuv O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetika bozoridagi ishtirokini kengaytirish imkonini beradi. KOWEPO xalqaro energetika loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha tajribasini Acwa kompaniyasining O‘zbekistondagi imkoniyatlari bilan birlashtirishni rejalashtirmoqda.

Acwa O‘zbekistonda 2019-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Mamlakat kompaniyaning muhim xorijiy bozorlaridan biri bo‘lib, bu yerda quyosh va shamol energetikasi, energiya saqlash tizimlari, an’anaviy elektr energiyasi ishlab chiqarish hamda “yashil” vodorod yo‘nalishlarida loyihalar amalga oshirilmoqda.

KOWEPO esa Yaqin Sharqda energetika loyihalarini amalga oshirmoqda. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqadagi loyihalar portfeli 3,5 GVt quvvatdagi qayta tiklanuvchi energetika obyektlari hamda 877 MVt quvvatdagi bug‘-gaz qurilmalarini o‘z ichiga oladi. Tomonlar ushbu tajribani Acwa’ning O‘zbekistondagi imkoniyatlari bilan birlashtirib, yangi loyihalarni izlashni ko‘zlamoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing