Aksariyat demokratlar Bayden prezidentlik poygasidan chiqishi kerak degan fikrda

Siyosat

Rasmiylar qarorni Baydenning o‘zi qabul qiladi degan umidda AQSh prezidentiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilmagan, biroq ularning sabri tugayapti, deb xabar bermoqda CNN.

Aksariyat demokratlar Bayden prezidentlik poygasidan chiqishi kerak degan fikrda
CNN Baydenning yigirmadan ortiq amaldagi va sobiq Demokratik amaldorlari, donorlari va uzoq yillik ittifoqchilari bilan suhbatlashdi. Ularning barchasi prezident bilan munosabatlarni buzmaslik uchun anonim tarzda intervyu berishdi. Bu Baydenning poygadan zudlik bilan chiqishi kerakligi to'g'risidagi fikrlar kuchayib borayotganidan dalolat beradi. Ko'pchilik u bu qarorga bir hafta ichida kelishi kerak, deb hisoblamoqda.

Baydenning oilasi tomonidan bo'lgan bosim uni o’z qarorini qayta ko'rib chiqishga undashi mumkin, degan dastlabki umidlar yakshanba kuni Kemp-Devidda butunlay puchga chiqdi, boisi uning oila a'zolari bahslardagi muvaffaqiyatsizlikka qaramay, kurashni davom ettirish qarorini qo'llab-quvvatlab, aybni saylovoldi shtabi xodimlariga yuklashdi.

"Baydenni faqat bitta so’z bilan ta’riflash mumkin: qaysar", ― dedi ilgari Baydenni omma oldida qo'llab-quvvatlagan, biroq hozir uning ketishini anonim ravishda qo'llab-quvvatlayotgan demokratlarning yuqori martabali vakili. "Agar bunday holat faqat bir marta bo’lganida edi, mayli, u hozirgi vaziyatdan chiqib ketishi mumkin edi. Ammo unday bo’lmadi-da", ― deya izoh berdi Kapitoliy tepaligidagi demokratlarning yuqori martabali vakili.

Illinoys shtati vakili Mayk Kuigli CNN This Morning telekanalida nutq so'zlab, Bayden qarorining kengroq oqibatlarini ta'kidladi: "U shuni tushunishi kerakki, uning tanlovi nafaqat keyingi to'rt yil davomida Oq uyni kim egallashiga, balki Senat va Vakillar palatasi natijalariga ham ta'sir qiladi, o'nlab yillar davomida buning oqibatlari seziladi".

Ko'plab taniqli demokratlar Bayden rahbarlik vazifalarini bajara olishiga shubha bilan qarashmoqda va yakshanba kunidan beri u ommaviy chiqishlarini cheklaganini tashvishlanish uchun sabab qilib ko'rsatmoqdalar. Agar uning kun tartibiga nazar soladigan bo’lsak, Bayden o'z lavozimini egallaganidan beri 36 ta matbuot anjumanini o'tkazdi, undan avvalgi prezidentlar esa, shu jumladan Tramp, Obama va Bush prezidentligining ushbu bosqichida ancha ko'proq matbuot anjumanlarini o'tkazishgan, deb yozadi CNN.

Ma’lumot o’rnida ta’kidlash joizki, AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari 2024-yil 5-noyabrga rejalashtirilgan. Saylovlar mamlakat tarixidagi 60-prezidentlik saylovlari bo'ladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing