AQSh Sovuq urush davridan beri ilk bor Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini kengaytiradi

Dunyo

AQSh prezidenti Donald Tramp, Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen va Grenlandiya bosh vaziri Yens-Frederik Nielsen AQShning oroldagi harbiy ishtirokini kengaytirishni nazarda tutuvchi kelishuvni imzoladi. Hujjat 22-sentabr kuni BMT Bosh Assambleyasi doirasida Nyu-Yorkda imzolandi.

AQSh Sovuq urush davridan beri ilk bor Grenlandiyadagi harbiy ishtirokini kengaytiradi
Kelishuv Grenlandiyada ballistik raketa tahdidlaridan himoyalanish uchun AQShning «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini joylashtirish imkonini beradi. Shuningdek, Narsarsuaq va Mestersvig hududlarida AQShning ikkita yangi harbiy obyektini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda. AQSh hozirning o‘zida orolda, jumladan, Pituffik kosmik bazasida harbiy infratuzilmaga ega.

Kelishuvga ko‘ra, AQSh samolyotlari va kemalariga Grenlandiya hududi, havo hududi hamda hududiy suvlariga keng kirish imkoniyati beriladi. Kelgusida tomonlarning o‘zaro roziligi bilan qo‘shimcha bazalar joylashtirilishi mumkin. NATOga kirmaydigan davlatlarning harbiy obyektlar tashkil etishi ham cheklanadi.

«AQShning hech bir raqibiga Grenlandiyada harbiy ishtirok yaratish yoki bizning bevosita yozma ruxsatimizsiz u yerda muhim investitsiyalarni amalga oshirishga boshqa hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi», — dedi Tramp.

Frederiksen kelishuv «abadiy davom etishi mumkinligini» aytdi. Uning ta’kidlashicha, Arktikadagi xavfsizlik muhitining o‘zgarishi yangi hamkorlik formatini shakllantirish zaruratini yuzaga keltirgan.

Kelishuv 1951-yildan beri AQSh va Daniya o‘rtasidagi mudofaa kelishuviga o‘zgartirishlar kiritadi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh harbiy infratuzilmasining kengayishi Sovuq urush davridan beri oroldagi eng yirik o‘zgarish bo‘ladi. O‘sha davrda AQShning Grenlandiyada 17 ta harbiy obyekti va 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi bo‘lgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing