AQShda Ta’lim vazirligini yopish jarayoni boshlandi

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp 20-mart kuni mamlakat Ta’lim vazirligini tugatish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Maqsad – ta’lim sohasidagi vakolatlarni shtatlar darajasiga topshirish. Bu haqida Oq uy sayti xabar berdi.

AQShda Ta’lim vazirligini yopish jarayoni boshlandi
Farmonda ta’kidlanishicha, ushbu qaror byurokratiyaga qarshi kurashish va xarajatlarni qisqartirishga qaratilgan. AQShda maktablarning federal moliyalashtirilishiga har yili 60 milliard dollar sarflanadi. Trampning farmonida aytilishicha, "Ta’lim departamenti hech kimni o‘qitmaydi, ammo jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limida 80 dan ortiq xodim ishlaydi va bu yiliga 10 million dollardan ko‘proq mablag‘ talab qiladi". Departamentning samarasizligiga dalil sifatida amerikalik o‘quvchilarning matematika va o‘qish bo‘yicha past natijalari keltirilgan.

Bundan tashqari, hujjatda ta’lim vaziri har qanday mablag‘ni "noxalol diskriminatsiyani to‘xtatish" maqsadida taqsimlashi kerakligi ta’kidlangan. Ushbu diskriminatsiya "xilma-xillik, tenglik va inklyuzivlik" yoki shunga o‘xshash atamalar va dasturlar orqali yashirin amalga oshirilayotgani qayd etilgan. Trampning so‘zlariga ko‘ra, bunday dasturlar gender mafkurasini targ‘ib qilishga xizmat qiladi.

Oq uyda farmonni imzolash marosimida Tramp ushbu hujjat Ta’lim departamentini tugatish yo‘lidagi birinchi qadam ekanini aytdi. Vazirlikning to‘liq yopilishi esa Kongress qarorini talab qiladi.

Tramp prezidentlik lavozimiga kirishgan paytda Ta’lim vazirligida 4133 nafar xodim ishlagan. Oxirgi oylar ichida 600 ga yaqin xodim muddatidan oldin nafaqaga chiqishga rozi bo‘lgan. Shtat qisqarish jarayoni yakunlangach, xodimlar soni 2183 kishiga tushishi kutilmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing