Qoraqalpogʻistonda zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish kengaymoqda

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Qoraqalpogʻistonda zamonaviy qurilish materiallarini ishlab chiqarish kengaymoqda
Loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollar. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan. Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qoraoʻzak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.

Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni yoʻlga qoʻyish imkonini ham beradi. Mahsulotlarni Qozogʻiston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.

Ishlab chiqarishda foydalanilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini pasaytirish va taʼminot barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.

Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyatsiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq gʻishtga nisbatan 3-4 barobar yengil boʻlib, qurilish xarajatlarini kamaytirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar boʻlgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha boʻyicha qurilish ishlari davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish jarayonlari va mahsulotlar bilan tanishib, korxonaning istiqboldagi rejalari haqidagi axborotni tingladi. Ishchilar bilan samimiy muloqot qildi.

Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi taʼkidlandi. Korxona rahbariyati va soha masʼullariga tegishli tavsiya va topshiriqlar berildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing