Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ilk bor Trampni tanqid qildi

Dunyo

AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden Oq uydan ketganidan keyin ilk bor omma oldida chiqish qildi va Donald Trampni keskin tanqid ostiga oldi. Nutqni amerikalik ABC telekanali jonli efirda namoyish etdi.

Bayden prezidentlikdan ketganidan keyin ilk bor Trampni tanqid qildi
"Yuz kun ichida bu ma’muriyat shunchalik zarar va vayronagarchilik yetkazdiki – bu qanchalik tez sodir bo‘layotgani hayratlanarli", – dedi Bayden Chikagoda nogironlar huquqlari himoyachilari konferensiyasida. "Biz hech qachon bunchalik bo‘linmagan edik", – deya qo‘shimcha qildi u.

82 yoshli siyosatchi Jo Bayden Trampning ismini tilga olmadi, faqat "u yigit" deb atadi.

"Ular Ijtimoiy ta’minot boshqarmasiga bolta urdi, 7000 xodimni ishdan bo‘shatishdi", – dedi demokrat. U bu bilan AQShning pensiya va nogironlik nafaqalarini to‘lovchi SSA agentligini nazarda tutdi. "Tarixda ilk bor ijtimoiy ta’minot to‘lovlari kechiktirilishi yoki to‘xtatilishi mumkin", – dedi Bayden.

"Ijtimoiy ta’minot bu shunchaki davlat dasturi emas. Bu – biz millat sifatida bergan muqaddas va’da", – dedi sobiq prezident. U Tramp ma’muriyati tomonidan amalga oshirilayotgan davlat xarajatlarini qisqartirish siyosatiga qarshi chiqdi va bu choralar kam ta’minlangan aholiga zarar yetkazishini ta’kidladi. "Yolg‘iz yashaydigan, milliarderi yo‘q oiladagi 94 yoshli onaxon haqida-chi?" – dedi Jo Bayden.

Reuters agentligining ma’lumotiga ko‘ra, SSA har yili 73 million nafar keksalar va nogiron fuqarolarga 1,4 trillion dollar miqdorida nafaqa to‘laydi. Oq uy Baydenning tanqidlariga javoban shunday dedi: "Prezident Tramp ijtimoiy ta’minot dasturlarini qonuniy soliq to‘lovchilar va keksalar uchun himoya qilishga qat’iy bel bog‘lagan. U har doim bu dasturni himoya qiladi."

Baydenning nutqi ayrim demokratlar tomonidan ham tanqid qilindi. Demokratik partiya strategik maslahatchisi Karen Finni Baydenning ishonchsiz chiqishi Tramp siyosatiga nisbatan asosli tanqidlar e’tiboridan chalg‘itishi mumkinligini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing