«Birdamlik kuchi – 2026»: O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya harbiy mashg‘ulotlarni yakunladi

Dunyo

O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya harbiy xizmatchilari «Birdamlik kuchi – 2026» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarini yakunladi. Mashg‘ulotlar davomida harbiylar murakkab relyefli hududlarda, real jangovar sharoitlarga maksimal darajada yaqin vaziyatda qo‘shma harakatlarni mashq qildi.

«Birdamlik kuchi – 2026»: O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya harbiy mashg‘ulotlarni yakunladi
Mashg‘ulotlar Ozarbayjonning Qorabog‘ iqtisodiy rayonidagi «Qizilqaya», Naxchivon Muxtor Respublikasidagi «Qorabog‘lar» o‘quv markazlari hamda Ozarbayjonning Kaspiy dengizidagi «Buyuk Zirya» o‘quv poligonida o‘tkazildi. Ular 22 sentabr kuni boshlangan.

Mashg‘ulotlarda uch mamlakat harbiy xizmatchilari ishtirok etdi, to‘qqiz davlat vakillari esa kuzatuvchi sifatida qatnashdi. Yopilish marosimida harbiy orkestr hamrohligida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston davlat madhiyalari yangradi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilar o‘rtasida tajriba almashish, jangovar tayyorgarlikni oshirish va do‘stona aloqalarni kengaytirishga xizmat qilganini ta’kidladi. Ishtirokchilar murakkab hududlarda yuqori professionallik, taktik tayyorgarlik va harakatlar uyg‘unligini namoyish etib, oldilariga qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli bajargani qayd etildi.

Marosim yakunida mashg‘ulotlarda alohida ajralib turgan harbiy xizmatchilarga sovg‘alar topshirildi. Mashg‘ulot ishtirokchilari tribuna qarshisidan tantanali yurish bilan o‘tdi. Dastur Ozarbayjon armiyasining Aza Aslanov nomidagi G‘oyaviy va madaniy markazi ijodiy jamoasining chiqishlari bilan yakunlandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing