Bobur — qo‘lida qalam tutgan hukmdor

O'zbekiston

14-fevral kuni Sharq va jahon madaniyatida chuqur iz qoldirgan hukmdor, shoir va mutafakkir tavalludiga 543 yil to‘ldi.

Bobur — qo‘lida qalam tutgan hukmdor
1483-yil 14-fevralda Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur — buyuk davlat arbobi, sarkarda va shoir, Boburiylar sulolasi asoschisi tavallud topgan. Uning nomi nafaqat harbiy g‘alabalar va davlat barpo etish, balki boy adabiy meros bilan ham bog‘liq.

Bobur tarixda ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy masalalarga e’tibor qaratgan hukmdor sifatida ham tanilgan. Manbalarga ko‘ra, uning davrida davlat boshqaruvi va xo‘jalik tizimini mustahkamlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirilgan.

Bobur merosida mashhur «Boburnoma» asari alohida o‘rin tutadi. Bu avtobiografik asarda Movarounnahr, Xuroson va Hindiston xalqlarining tarixi, urf-odatlari va turmushi tasvirlangan. Kitobda davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va kundalik hayot masalalari ham yoritilgan.

Bobur iqtisodiy tafakkur sohasida ilk kashfiyotchi bo‘lmagan bo‘lsa-da, tadqiqotchilar uni keng dunyoqarashli hukmdor va mutafakkir sifatida baholaydi. U jamiyat va davlat taraqqiyotida iqtisodiyotning o‘rnini chuqur anglagan.

Bobur 1530-yil 26-dekabrda Agra shahrida vafot etdi. U hayoti davomida sarkarda, hukmdor, shoir va tarixchi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing