CBDC, steyblkoinlar va bank sektoridagi davlat ulushi: Markaziy bank rejalarini ma’lum qildi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Markaziy banki Silk Road Finance & Technology Forum doirasida moliya sektorini rivojlantirishning bir qator yo‘nalishlarini taqdim etdi. Regulyator ulgurji raqamli valyutani joriy etish imkoniyatlarini o‘rganmoqda, steyblkoinlarni sinovdan o‘tkazmoqda va bank tizimidagi davlat ulushini yanada qisqartirishni rejalashtirmoqda.

CBDC, steyblkoinlar va bank sektoridagi davlat ulushi: Markaziy bank rejalarini ma’lum qildi
Markaziy bank raisi o‘rinbosari va Boshqaruv a’zosi Nodirbek Achilov regulyator ulgurji CBDC bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganayotganini ma’lum qildi. U bunday tizimning ehtimoliy afzalliklari sifatida moliya institutlari o‘rtasidagi hisob-kitoblarning xavfsizligi va samaradorligini qayd etdi.

Shuningdek, Markaziy bank Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (NAPP) bilan hamkorlikda maxsus tartibga soluvchi “sandbox” doirasida steyblkoinlar tizimini sinovdan o‘tkazmoqda. Loyihani kengaytirish bo‘yicha qaror tadqiqotlar yakunlangach va bozorning munosabati baholangach qabul qilinadi.

Markaziy bank raisi Timur Ishmetov so‘nggi yillarda bank sektoridagi davlat ulushi 85 foizdan qariyb 60 foizgacha kamayganini va bu tendensiya davom ettirilishini bildirdi.

Regulyator valyuta intervensiyalari strategiyasini ham e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Ishmetovning ta’kidlashicha, Markaziy bankning valyuta bozoridagi operatsiyalari so‘m kursini muayyan darajada ushlab turishga qaratilmagan.

Bundan tashqari, kapital harakatini yanada liberallashtirish bo‘yicha rejalar taqdim etiladi. “Biz yanada ochiq va shaffof bo‘lishga tayyormiz”, — dedi Ishmetov.

Forum doirasida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan banklar va to‘lov tizimlari ishtirokidagi ko‘rgazma ham tashkil etilgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing