Cleveland Clinic rahbari AKFA Medline klinikasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi

O'zbekiston

Cleveland Clinic prezidenti va bosh ijrochi direktori doktor Tomislav Mihaljevic 19-oktabr kuni strategik hamkorlik doirasida O‘zbekistonga ilk rasmiy tashrifini amalga oshirdi. U AKFA Medline University Hospital faoliyati bilan tanishdi, shifokorlar va rezidentlar bilan uchrashdi, shuningdek, tibbiy infratuzilma va ta’limni rivojlantirish loyihalarini ko‘zdan kechirdi.

Cleveland Clinic rahbari AKFA Medline klinikasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonda tibbiyotni rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi
AKFA Group’dagi uchrashuvdan so‘ng delegatsiya AKFA Medline University Hospital klinikasiga tashrif buyurdi. Mehmonga klinikaning tibbiy infratuzilmasi, zamonaviy uskunalari, diagnostika va davolash jarayonlari, tibbiy xizmat sifati hamda bemorlar xavfsizligini ta’minlash yondashuvlari taqdim etildi. Mutaxassislar bilan suhbatda klinik jarayonlarni takomillashtirish, xalqaro standartlarni joriy etish va sog‘liqni saqlashni boshqarishning ilg‘or usullari muhokama qilindi.


Dastur doirasida rezidentlar bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Yosh mutaxassislar dunyoning yetakchi tibbiyot tashkilotlaridan biri rahbari bilan kasbiy rivojlanish, klinik tayyorgarlik va zamonaviy tibbiyot istiqbollari haqida fikr almashdi.

Mihaljevic, shuningdek, bepul birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatishga yo‘naltirilgan Social by AKFA majmuasining qurilish jarayoni bilan tanishdi. Loyiha raqamli texnologiyalar, profilaktik tekshiruvlar va kasalliklarni erta aniqlash imkoniyatlarini rivojlantirishni nazarda tutadi.

Central Asian University’da kampusni kengaytirish konsepsiyasi taqdim etildi va bo‘lajak CAU Hospital qurilish maydoni ko‘zdan kechirildi. Cleveland Clinic bilan strategik hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha Cleveland Clinic Connected xalqaro dasturi doirasida rivojlantirilmoqda. Kelajakdagi shifoxona 120 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, yiliga 269 ming nafargacha bemorga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan. Uning ochilishi 2027-yilga belgilangan.

Hamkorlik professional tajriba almashish, klinik va ta’lim dasturlarini rivojlantirish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish hamda tibbiy boshqaruvni takomillashtirishga qaratilgan.

Tashrif davomida talabalar bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. Ular yetakchilik va tibbiyot kelajagi haqida savollar berdi. Ikki kunlik dastur yakunida doktor Mihaljevicga tashrifi, loyihalarga bildirgan qiziqishi va hamkorlikni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing