Davlatimiz rahbari mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasida boʻldi

O'zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida Ohangaron tumanidagi “Infinity Copper Group” mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

Davlatimiz rahbari mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish korxonasida boʻldi
Loyiha Xitoy va Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlikda 10 gektar maydonda amalga oshirilayotgani, uning umumiy qiymati 36 million dollarga teng ekani haqida maʼlumot berildi.

Bu yerda qurilish ishlari 90 foizga yakunlangan, loyiha doirasida 14,9 million dollar investitsiya oʻzlashtirilgan.

Oʻzbekistonga 2025-yilda 15 million dollarlik mis quvurlar va fitinglar import qilingan. Mazkur korxona toʻliq ishga tushgach, 10 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Korxonada 300 ta yangi ish oʻrni yaratiladi, 200 milliard soʻm budjet tushumlari taʼminlanadi hamda 350 million dollarlik eksport amalga oshiriladi. Mahsulotlar Birlashgan Arab Amirliklari, AQSh, Afrika qitʼasi hamda Yevropa davlatlariga yetkazib beriladi.

“Infinity Copper Group” Oʻzbekistonda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarish hajmi boʻyicha yetakchi oʻrinni egallab, jami toʻrtta ishlab chiqarish korxonasini oʻz ichiga oladi.

Prezidentimiz mamlakatimizda mis quvurlari va fitinglar ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega sanoat mahsulotlari ulushini oshirish muhimligini taʼkidladi.

Bunday zamonaviy, raqobatbardosh korxonalar sonini koʻpaytirish orqali ichki bozor ehtiyojini toʻliq qondirish va eksport salohiyatini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing