Davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytiradigan qonun Senatda ma'qullandi

O'zbekiston

Senatning 55-yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasining Tadbirkorlik kodeksini tasdiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Ushbu qonun orqali davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish va bu sohada yagona yondashuvni belgilash maqsad qilingan.

Davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytiradigan qonun Senatda ma'qullandi
Tadbirkorlik kodeksi orqali 100 dan ortiq qonun hujjatlari yagona huquqiy asosda birlashtirilib, tadbirkorlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solish ko‘zda tutilmoqda. Bunda asosiy vazifa sifatida fuqarolarning tadbirkorlik faoliyatida erkin ishtirok etishini ta'minlash, xususiy mulkni himoya qilish va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini kafolatlash belgilangan.

Kodeksda tadbirkorlik faoliyatining asosiy prinsiplari mustahkamlangan: qonuniylik, tadbirkorlik erkinligi, subyektlar tengligi, halol raqobat va korrupsiyadan xolilik kabi tamoyillar birlashtirilgan. Shuningdek, tadbirkorlik subyektlari kichik, o‘rta va yirik toifalarga ajratiladi, hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi beriladi.

Davlat tomonidan tadbirkorlikni tartibga solishning chegaralari va shakllari aniqlanib, xalqaro standartlarga mos ravishda ayollar va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash tizimi joriy etiladi. Ijtimoiy tadbirkorlik va ijtimoiy korxonalar uchun ham qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kodeksda kiritilgan.

Qonunning qabul qilinishi mamlakatdagi tadbirkorlik faoliyatini yanada barqarorlashtirishga, davlat aralashuvini cheklashga va qonunchilikni yanada soddalashtirishga xizmat qilishi ta'kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokamalardan so‘ng ma'qullandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing