Donald Tramp 9-may kuni Rossiyaga bormaydi

Dunyo

AQSh Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina rahbarlari Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiy urushni to‘xtatish uchun uchrashishi kerakligini aytdi. Kecha Oq uyda jurnalistlar bilan suhbatda Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish uchun Putin va Zelenskiy uchrashishi zarur deb hisoblashini bildirdi.

Donald Tramp 9-may kuni Rossiyaga bormaydi
"Menimcha, Prezident Putin va Prezident Zelenskiy uchrashishi kerak. Nega? Chunki biz millionlab odamlarning o‘limini to‘xtatishni istaymiz", — dedi Tramp. Shu kuni Fox News Radio ga bergan intervyusida esa Ukraina urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi shart emasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, AQSh rahbari har ikkala tomon bilan muloqotni davom ettirishini aytdi.

Bundan tashqari, Tramp jurnalistlar bilan uchrashuvda 9-may kuni Moskvaga tashrif buyurishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Rossiyadagi Ikkinchi Jahon urushidagi g‘alaba kuni bayramiga borish niyati bormi degan savolga u "Yo‘q, bormayman", deb javob berdi.

Avvalroq Le Point fransuz jurnali noma’lum manbalarga tayanib, Tramp Moskvadagi paradda ishtirok etishi va Putin bilan uchrashishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Biroq Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu ma’lumotni rad etib, Trampning 9-mayda Moskvaga tashrifi rejalashtirilmaganligini ma’lum qildi.

Jurnalistlarning "Tomonlar bu tashrif bo‘yicha kelishib oldimi?" degan savoliga Peskov "yo‘q" deb javob berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing