Energetika vazirligi kuz-qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralari yetarli ekanini ma’lum qildi

Iqtisodiyot

O‘zbekistonda yaqin ikki-uch oy uchun yetarli neft mahsulotlari zaxirasi mavjud bo‘lib, mamlakatning yoqilg‘iga bo‘lgan ichki ehtiyoji to‘liq qoplanmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishdan so‘ng energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Umid Mamadaminov ma’lum qildi.

Energetika vazirligi kuz-qish mavsumi uchun yoqilg‘i zaxiralari yetarli ekanini ma’lum qildi
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy geosiyosiy vaziyat fonida energetika xavfsizligi masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatda nafaqat yoqilg‘i zaxiralari shakllantirilmoqda, balki ichki ishlab chiqarish quvvatlari ham izchil kengaytirilmoqda.

O‘zbekistonda neft mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1,2 mln tonnadan oshdi. Xususiy tadbirkorlar tomonidan yana 600–700 ming tonna mahsulot import qilinmoqda. Bu ichki talabni to‘liq ta’minlash imkonini bermoqda.

Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlikka ham alohida e’tibor qaratildi. Maxsus reja ishlab chiqilib, zarur yoqilg‘i zaxiralari yaratildi. Energetika vazirligi bahosiga ko‘ra, mavjud zaxiralar joriy ichki ishlab chiqarish hajmlarini hisobga olgan holda keyingi ikki-uch oy uchun yetarli.

Vazirlik hududlar va energetika tizimi tashkilotlari bilan hamkorlikda kuz-qish mavsumini uzilishlarsiz o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing