Vuchich sentyabr oxirida Serbiya prezidenti lavozimidan iste’foga chiqishini bildirdi

Siyosat

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich BMT Bosh Assambleyasidan qaytgach, 25 yoki 26 sentyabr kuni iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Lavozimini tark etganidan so‘ng u bo‘lajak saylov kampaniyasida oddiy fuqaro sifatida ishtirok etmoqchi.

Vuchich sentyabr oxirida Serbiya prezidenti lavozimidan iste’foga chiqishini bildirdi
«Nyu-Yorkdan qaytishim bilan, 25 yoki 26 sentyabr kuni iste’foga chiqaman va shundan so‘ng kampaniyaga oddiy fuqaro sifatida qo‘shilaman», — dedi Vuchich juma kuni jurnalistlarga.

Chorshanba kuni prezident Skupshchinani tarqatib yuborish va muddatidan oldin parlament saylovlarini 25 oktabrga belgilash to‘g‘risidagi farmonlarni imzoladi. Uning prezidentlik vakolati muddati 2027-yil bahorida yakunlanadi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, prezident iste’foga chiqqanidan keyin prezidentlik saylovlari 90 kun ichida o‘tkazilishi kerak.

Sentyabr boshida hukmron Serbiya taraqqiyparvar partiyasi (STP) rahbariyati Vuchichni bo‘lajak parlament saylovlarida hukumat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ilgari surish uchun ovoz berdi. Vuchich avvalroq saylovlardan keyin amaldagi siyosiy yo‘nalish davom etishini kutayotganini bildirgan.

30 iyun kuni Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchilari bilan uchrashuv yakunida Vuchich Serbiya YIga a’zo bo‘lish yo‘lidan borishda va tegishli islohotlarni amalga oshirishda davom etayotganini aytgan.

Serbiyada talabalar va muxolifat tarafdorlari ishtirokidagi namoyishchilar muddatidan oldin saylov o‘tkazilishini talab qilgan. Ommaviy noroziliklar 2024-yil 1-noyabr kuni Novi-Sad temiryo‘l vokzalidagi bostirma qulaganidan keyin boshlangan. 24 mayga o‘tar kechasi Belgraddagi so‘nggi yirik namoyishda namoyishchilar politsiya bilan to‘qnashgan. Natijada 17 nafar politsiyachi jarohatlangan, 47 kishi hibsga olingan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing