Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqini bekor qilishni taklif qildi

Dunyo

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari veto huquqini bekor qilish va doimiy a’zolik tizimidan voz kechishga chaqirdi. U bu takliflarni 22 sentyabr kuni Bloomberg uchun yozgan maqolasida ilgari surdi.

Erdo‘g‘an BMT Xavfsizlik Kengashidagi veto huquqini bekor qilishni taklif qildi
Erdo‘g‘anning fikricha, so‘nggi yillarda yuz bergan pandemiyalar, energetika inqirozlari, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar va mintaqaviy mojarolar global muammolarni hal qilishni oz sonli davlatlar qarorlariga bog‘lab qo‘ygan tizimning cheklovlarini ko‘rsatdi. Uning ta’kidlashicha, xalqaro qaror qabul qilish mexanizmlari bugungi sharoitga moslashishi kerak.

Turkiya prezidenti BMT Bosh Assambleyasida xalqaro hamjamiyat ko‘pchiligining irodasini hech bir davlat doimiy ravishda to‘sib qo‘ya olmaydigan tamoyil atrofida keng koalitsiya tuzishni taklif qildi. Uning fikricha, islohot faqat veto huquqini boshqa davlatlarga berish bilan cheklanmasligi kerak.

Erdo‘g‘an Xavfsizlik Kengashini shakllantirish tartibini ham o‘zgartirishni taklif qildi. Uning rejasiga ko‘ra, doimiy a’zolik bekor qilinib, Kengash a’zolari Bosh Assambleya tomonidan muayyan muddatga saylanishi kerak. Qayta saylanishni istagan davlatlar Bosh Assambleya a’zolarining ko‘pchiligi ishonchini yana qozonishi lozim bo‘ladi.

«Xavfsizlik Kengashining vakillik salohiyati va Bosh Assambleya oldidagi hisobdorligini oshirish zarur», — dedi Erdo‘g‘an. U, shuningdek, Bosh Assambleya vakolatlarini kuchaytirish va ikki organ o‘rtasidagi muvozanatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi.

Hozirda AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari hisoblanadi. Ushbu besh davlatning har biri Kengash qarorlariga veto qo‘yish huquqiga ega.

Takliflar Anqaraning BMT tizimini kengroq isloh qilish haqidagi chaqiriqlari fonida yangradi. Erdo‘g‘an avval ham Xavfsizlik Kengashi tuzilmasini o‘zgartirish va xalqaro qarorlar qabul qilishda davlatlarning kengroq vakilligini ta’minlash tarafdori ekanini bildirgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing