Eron BRICS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishga tayyorlanmoqda

Iqtisodiyot

Eron yaqin vaqt ichida BRICS Yangi taraqqiyot bankiga (NDB) qo‘shilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Eron Markaziy banki rahbari Abdolnaser Hemmati ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bankka a’zo bo‘lish Eronning BRICS davlatlari bilan moliyaviy hamkorligidagi muhim natijalardan biri bo‘ladi.

Eron BRICS Yangi taraqqiyot bankiga qo‘shilishga tayyorlanmoqda
«BRICSga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning eng muhim natijasi — Yangi taraqqiyot bankining tashkil etilishidir. Yaqin orada mamlakatimiz ham uning a’zosiga aylanadi», — dedi Hemmati Hindistonda BRICS doirasidagi tadbirlarda.

Eron Markaziy banki rahbari, shuningdek, Tehron BRICS davlatlari bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama valyuta hamkorligini rivojlantirishga intilayotganini bildirdi.

Yangi taraqqiyot banki BRICS davlatlari tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarda infratuzilma va barqaror rivojlanish loyihalarini moliyalashtirish uchun tashkil etilgan. 2026-yil iyun oyida O‘zbekiston NDBning o‘ninchi a’zosiga va bankka qo‘shilgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylandi.

Eron 2024-yilda BRICS a’zosiga aylangan. Ko‘p yillik xalqaro sanksiyalar sharoitida Tehron muqobil moliyaviy mexanizmlarni rivojlantirish va milliy valyutalardagi hisob-kitoblarni kengaytirish tarafdori bo‘lib kelmoqda. Hemmati Eronning BRICS davlatlari bilan bunday aloqalarni chuqurlashtirish niyatini tasdiqladi.

Shu bilan birga, NDBning rasmiy ro‘yxatida Eron hozircha bank a’zosi sifatida ko‘rsatilmagan. Demak, Hemmatining bayonoti allaqachon amalga oshgan a’zolikni emas, balki Tehronning bankka qo‘shilish rejasini anglatadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing