Eron g‘arbiy chegaralarda “separatistik guruhlar”ga zarba berganini ma’lum qildi

Dunyo

Eron rasmiylari mamlakat g‘arbiy hududlarida “separatistik guruhlar”ga qarshi zarbalar berilganini bildirdi. Bu bayonot kurd qurolli kuchlarining faollashuvi va yangi front ochilishi ehtimoli haqidagi xabarlar fonida yangradi.

Eron g‘arbiy chegaralarda “separatistik guruhlar”ga zarba berganini ma’lum qildi
Eron Razvedka vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat g‘arbiy chegaralari orqali kirib kelishga uringan “separatistik guruhlar” pozitsiyalariga zarbalar berilgan. Tehron bu guruhlar katta yo‘qotishlarga uchraganini ta’kidladi.

Bu bayonot G‘arb OAVlarida kurd qurolli guruhlarining ehtimoliy faollashuvi haqidagi xabarlar fonida paydo bo‘ldi.

Reuters agentligi uch manbaga tayanib xabar berishicha, so‘nggi kunlarda kurd militsiyasi vakillari AQSh rasmiylari bilan Eronning g‘arbiy hududlarida xavfsizlik kuchlariga zarba berish masalasini muhokama qilgan.

New York Times nashri avvalroq Iroqda joylashgan va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan kurd kuchlari Eron hududiga kirishi mumkin bo‘lgan qurolli bo‘linmalarni tayyorlayotgani haqida yozgan edi. Bu esa yangi front ochilishi ehtimolini keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, nashr Markaziy razvedka boshqarmasi kurd kuchlariga Eronni beqarorlashtirishga qaratilgan maxfiy dastur doirasida o‘qotar qurollar yetkazib berganini da’vo qilgan.

Oq uy vakili Kerolayn Levitt esa AQSh prezidenti Eron hududida kurd qo‘zg‘oloni rejalarini qo‘llab-quvvatlagani haqidagi xabarlarni rad etdi va ularni yolg‘on deb atadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing