Farg‘onada elektromobil ishlab chiqarishning birinchi bosqichi boshlanishi rejalashtirilmoqda

O'zbekiston

Elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilgan uch bosqichli loyihaning birinchi bosqichida Xitoy avtomobillarini sotish uchun avtosalon ochiladi. Undan keyin bosqichlarda viloyat hududida yig‘ish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish belgilangan.

Farg‘onada elektromobil ishlab chiqarishning birinchi bosqichi boshlanishi rejalashtirilmoqda
Farg‘onada elektromobillar ishlab chiqarishga qaratilgan uch bosqichli loyihaning dastlabki bosqichini boshlash rejalashtirilmoqda. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xitoylik investorlar guruhi bilan uchrashgan. Unda viloyat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xitoy sarmoyasi hisobidan amalga oshirish rejalashtirilayotgan loyihalar muhokama qilingan.

Elektromobillar ishlab chiqarish rejalashtirilgan uch bosqichli loyihaning birinchi bosqichida Xitoy avtomobillarini sotish uchun avtosalon ochishga kirishilmoqda. Bunda, aholining talabini o‘rganish natijasida yuqori talabga ega avtomobillar olib kelinishi belgilanmoqda.

Ikkinchi bosqichda ularni viloyat hududida yig‘ish yo‘lga qo‘yiladi. Uchinchi bosqichda esa avtomobil ishlab chiqarishni to‘la mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Loyiha qaysi kompaniya tomonidan amalga oshirilishi keltirilmagan.

Shuningdek, tabiiy hamda sun’iy aralashmali matolar to‘qish, ularni qayta bo‘yash va gul bosish korxonasini tashkil etish bo‘yicha ish olib borilayotgani qayd etildi.

Farg‘ona shahridagi “Baqay” kichik sanoat zonasida joylashtirish ko‘zda tutilayotgan misni qayta ishlash korxonasiga yaqin kunlarda “tamal toshi” qo‘yilishi ma’lum qilindi.

Xayrullo Bozorov viloyat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan mazkur loyihalarni qo‘llab-quvvatlab, tez va muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun har tomonlama ko‘maklashishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing