Hisob palatasi byudjet nazoratini kuchaytirmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 23-iyul kuni Hisob palatasi faoliyati va byudjet intizomini mustahkamlashga oid yangi choralar taqdimoti bilan tanishdi. Natijalar e’tiborga loyiq: trillionlab so‘mlik samarasiz xarajatlarning oldi olindi.

Hisob palatasi byudjet nazoratini kuchaytirmoqda
2024-yil 10-iyuldagi Prezident farmoniga binoan Hisob palatasi faoliyati tubdan yangilandi — moliyaviy audit, samaradorlik, muvofiqlik va strategik audit kabi zamonaviy yondashuvlar joriy etildi. Endilikda palata faqat nazoratchi emas, balki byudjet intizomini ta’minlovchi hamkor sifatida ham faoliyat yuritmoqda.

2025-yilning dastlabki olti oyida 5,6 trillion so‘mlik samarasiz xarajatlar oldi olindi, byudjetga qo‘shimcha 5 trillion so‘m tushum manbalari aniqlangan. Bunga raqamli “Masofaviy audit” tizimi katta hissa qo‘shdi — tizim orqali 4 trillion so‘mga teng buzilishlar bartaraf etildi.

Prezident sun’iy intellekt elementlarini tizimga joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdi. O‘tgan yili tashkil etilgan 12 ta vazirlikdagi nazorat markazlari samarador bo‘lib chiqdi, endilikda ular yana 10 ta idorada joriy etiladi.

Xorijiy mablag‘lar hisobiga amalga oshirilayotgan loyihalar xalqaro auditi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Endi ular loyihaning dastlabki bosqichlaridan boshlab nazorat qilinadi.

Shuningdek, “Xalq nazorati” platformasini butun respublika bo‘ylab joriy etish ishlari davom etmoqda. Fuqarolar infratuzilma, kommunal xizmatlar, transport va yo‘llar bo‘yicha muammolar haqida xabar bera oladi. Tizimga barcha vazirliklar va hokimliklar ulanishi belgilangan.

Prezident mas’ul shaxslarga byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanish, ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing