Husiylar Isroil dengiz kemalariga taqiq joriy etdi

Dunyo

Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam yetkazib berishni yana cheklab qo'yganligi uchun, Husiylar bunga javoban, Isroil bilan bog‘liq kemalarning Qizil dengiz orqali o‘tishiga "taqiq" joriy qilishini bildirdi.

Husiylar Isroil dengiz kemalariga taqiq joriy etdi
Yamandagi Husiylar 12-mart kuni Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujumlarni qayta boshlash bilan tahdid qildi. Ular o‘z bayonotida Qizil va Arab dengizlari, Bob-el-Mandeb bog‘ozi va Aden ko‘rfazida barcha Isroil kemalarining harakatlanishini taqiqlash niyatida ekanini ma’lum qildi.

Tinchlik muzokaralari davomida hujumlar vaqtincha to‘xtatilgan edi. Ushbu cheklov bayonot e’lon qilingan ondan boshlab kuchga kirdi.

Joriy yilning yanvar oyi oxirida Husiylar G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv amal qilgan vaqtda Qizil dengizdagi hujumlarni cheklashlarini e’lon qilgan edi. AQSH, Misr va Qatar vositachiligida 19-yanvarda kuchga kirgan olti haftalik tinchlik muzokaralari o‘tkazilgan. Biroq, Isroil va HAMAS bu jarayonning keyingi bosqichi borasida kelisha olmagan.

Bir necha kun oldin Isroil G‘azo sektoriga gumanitar yordam va elektr ta’minotini to‘xtatdi. Bosh vazir Binyamin Netanyaxuga ko‘ra, bu HAMASni tinchlik kelishuvining ikkinchi bosqichini qabul qilishga majbur qilish uchun amalga oshirilgan.

Husiylar esa 7-mart kuni Isroil gumanitar yordam yetkazib berishni tiklamasa, Qizil dengizdagi kemalarga hujumlarni qayta boshlash bilan tahdid qildi.

Ma'lumot o'rnida, 2023-yil 7-oktabr kuni XAMAS Isroilga hujum qildi, natijada 1200 ga yaqin isroillik halok bo'ldi, 250 ga yaqin kishi garovga olindi. Bunga javoban Isroil XAMASga qarshi G'azo sektorida urush ochdi, oqibatda 47 000 dan ortiq falastinlik tinch aholi halok bo'ldi, 110 000 ga yaqin odam turli darajada yaralandi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing