Ilhom Aliyev: Ozarbayjon va O‘zbekiston ittifoqchiligi yangi iqtisodiy va mintaqaviy bosqichga chiqmoqda

Dunyo

So‘nggi yillarda Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘zaro munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqib, iqtisodiy va mintaqaviy hamkorlikni ham kengaytirdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga bergan intervyusida savdo, investitsiyalar, energetika, transport, gumanitar aloqalar va mintaqaviy hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritdi.

Ilhom Aliyev: Ozarbayjon va O‘zbekiston ittifoqchiligi yangi iqtisodiy va mintaqaviy bosqichga chiqmoqda
«Mustahkam poydevorga asoslangan davlatlararo munosabatlarimiz so‘nggi yillarda misli ko‘rilmagan rivojlanish bosqichiga kirdi, eng yuqori — ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi va mutlaqo yangi mazmun kasb etdi», — dedi Aliyev.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonch munosabatlarni mustahkamlashda alohida ahamiyatga ega.

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, aziz birodarim, hurmatli Shavkat Miromonovich Mirziyoyev bilan o‘rtamizdagi samimiy do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch Ozarbayjon-O‘zbekiston birodarligini mustahkamlashda alohida rol o‘ynaydi», — dedi Ozarbayjon Prezidenti.

So‘nggi besh yil ichida oliy darajada 15 ta o‘zaro tashrif amalga oshirildi. 2024-yil avgustida Aliyev O‘zbekistonga, 2025-yil iyulida esa Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonga davlat tashrifi bilan bordi.

«Ikki tomonlama tashriflar doirasida imzolangan ko‘plab hujjatlar, xususan, “Strategik sheriklikni yanada mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya” va “Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnoma” ikki mustaqil, kuchli va suveren davlatimiz o‘rtasidagi tabiiy ittifoqchilikni rasman mustahkamladi», — dedi Aliyev.

Savdo va investitsiyalar

2025-yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi uch barobardan ko‘proq oshib, $795 millionni tashkil etdi. 2026-yil yanvar–may oylarida ko‘rsatkich 33 foizga oshib, $144 millionga yetdi.

«Bu ajoyib ko‘rsatkich», — deya ta’kidladi Aliyev.

$500 million kapitalga ega Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi investitsiyaviy hamkorlikning muhim platformasiga aylandi.

«Kompaniya Ozarbayjon va O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlaridagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish va amalga oshirishga katta hissa qo‘shmoqda», — dedi prezident.

Ozarbayjonda O‘zbekiston investitsiyalari ishtirokidagi 130 dan ortiq tijorat tashkiloti ro‘yxatdan o‘tgan. O‘zbekistondagi Ozarbayjon loyihalari orasida PASHA Holding tomonidan Toshkentda amalga oshirilayotgan The Ritz-Carlton majmuasi va Toshkent viloyatidagi Sea Breeze Uzbekistan loyihasi qayd etildi.

«Ozarbayjon va O‘zbekistonning iqtisodiy imkoniyatlari bir-birini to‘ldiradi va bu hamkorlikning yangi formatlarini yaratish uchun keng imkoniyatlar ochadi», — dedi Aliyev.

Energetika va transport

Energetika sohasida Neftegaztexnologiya qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda SOCAR va «O‘zbekneftgaz» Turan Energy AFEZCO qo‘shma korxonasini tashkil etdi.

2025-yilda Ozarbayjon, Qozog‘iston va O‘zbekiston «Yashil koridor ittifoqi»ni tashkil etdi.

2025-yilda tranzit tashuvlar 6,7 foizga oshib, 1,4 million tonnaga yetdi. 2026-yil yanvar–iyun oylarida esa ko‘rsatkich 12,2 foizga o‘sib, 675 ming tonnani tashkil etdi.

«Ayniqsa, transport-logistika sohasidagi hamkorligimiz katta istiqbollarga ega», — dedi Aliyev.

U Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘l loyihasini Middle Corridor va TRIPP bilan integratsiya qilish mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratishini ta’kidladi.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston muhim temir yo‘l loyihasining Middle Corridor va TRIPP bilan integratsiyasi butun mintaqa uchun yangi iqtisodiy va tranzit imkoniyatlarini yaratadi», — dedi prezident.

Madaniy-gumanitar aloqalar

«Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik umumiy ildizlar, til va madaniy yaqinlik, shuningdek, asrlar davomida shakllangan ma’naviy qadriyatlarga asoslangan munosabatlarning muhim yo‘nalishlaridan biridir», — dedi Aliyev.

2023 va 2025-yillarda Ozarbayjonda O‘zbekiston madaniyati kunlari, 2024-yilda O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari o‘tkazildi. Xivada «Shusha kunlari» tashkil etildi.

2025/2026-o‘quv yilida Ozarbayjonda 67 nafar O‘zbekiston fuqarosi, O‘zbekistonda esa 176 nafar Ozarbayjon fuqarosi tahsil oldi.

«Biz birodar mamlakatimizdagi eng qadimiy va nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetiga buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviy nomi berilganidan faxrlanamiz», — dedi Aliyev.

2026-yilda ikki davlat ilk bor NNTlar uchun qo‘shma grant tanlovini e’lon qildi.

Ozarbayjonga 2024-yilda 46 ming, 2025-yilda 62 ming va 2026-yil yanvar–avgust oylarida 44 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi tashrif buyurgan.

«S5»dan «S6»ga

2025-yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvida Ozarbayjonning ushbu formatda to‘laqonli ishtirok etishi haqida qaror qabul qilindi.

«Ozarbayjonning ushbu jarayonga faol qo‘shilishi natijasida avval “S5” deb atalgan hamkorlik formati amalda “S6” formatiga aylandi, mintaqaviy muloqot va strategik sheriklik esa yangi mazmun va ko‘lam kasb etdi», — dedi Aliyev.

«Ushbu platforma doirasida yaratilgan muloqot va hamkorlik mexanizmlari nafaqat davlatlararo munosabatlarni rivojlantirish, balki butun Yevroosiyo makonida tinchlik, barqarorlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi», — deya ta’kidladi prezident.

Ozarbayjon va O‘zbekistonning Turkiy davlatlar tashkilotidagi hamkorligiga to‘xtalib, Aliyev shunday dedi:

«Ozarbayjon va O‘zbekiston OTDni nafaqat davlatlararo hamkorlik platformasi, balki umumiy tariximiz, madaniyatimiz va ma’naviy qadriyatlarimizni kelajak avlodlarga yetkazuvchi muhim birlashma sifatida qabul qiladi».

Bo‘lajak davlat tashrifi haqida Aliyev: «Ishonchim komilki, bo‘lajak tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish va ittifoqchilik munosabatlarimizni mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyatga ega bo‘ladi», — dedi.

Yakunda Ozarbayjon Prezidenti O‘zbekiston xalqini davlat mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, mamlakatga «tinchlik, farovonlik, ravnaq va yangi yutuqlar» tiladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing