Iqtisodiy blokda muhim kadr o‘zgarishi

O'zbekiston

O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan iqtisodiy blokda yana bir muhim kadr o‘zgarishi amalga oshirildi: Sherzod Qudbiyev Soliq qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilib, yangi tashkil etilgan Urbanizatsiya va uy-joy bozori barqaror rivojlanishi milliy qo‘mitasiga rahbar etib tayinlandi. Ushbu qo‘mita 20-noyabr kuni tashkil etilgan bo‘lib, shaharsozlik siyosati va uy-joy sohasidagi islohotlarni muvofiqlashtiruvchi markazga aylanishi kutilmoqda.

Iqtisodiy blokda muhim kadr o‘zgarishi
Soliq qo‘mitasi rahbarligiga Farruh Pulatov tayinlandi. U 2022 yil martidan buyon Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligini boshqarib kelgan. Pulatov moliyaviy nazorat va prokuratura tizimida katta tajribaga ega: u Farg‘ona va Namangan viloyatlarida prokuratura organlarida ishlagan, Soliq va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamentining Farg‘ona boshqarmasini boshqargan, shuningdek bir necha yil davomida “O‘zdonmahsulot” kompaniyasiga rahbarlik qilgan.

Sherzod Qudbiyev 2023 yil avgustidan beri Soliq qo‘mitasiga rahbarlik qilib kelgan. Bungacha u iqtisodiyot va moliya vaziri, Davlat soliq qo‘mitasi raisi, Prezident maslahatchisi, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi sifatida faoliyat yuritgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing