Isroil Bayrutdagi "Hizbulloh" obyektiga zarba berdi

Dunyo

Isroil harbiy-havo kuchlari 27-aprel, yakshanba kuni Bayrutning janubiy qismidagi obyektga aviazarda berdi. Livan esa Fransiya va AQShni Isroilga bosim o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqida |AFP agentligi xabar bermoqda.

Isroil Bayrutdagi "Hizbulloh" obyektiga zarba berdi
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning ofisi bergan bayonotga ko‘ra, "Hizbulloh" guruhiga tegishli bo'lgan raketalar omboriga zarba bergan. AFP agentligi ma’lum qilishicha, Isroil armiyasi (CXAL) zarba berilishidan oldin mahalliy aholini evakuatsiya qilish zarurligi haqida ogohlantirgan. Shunga qaramasdan porlash oqibatida aholi zich hududlarda yong'in sodir bo'lgan.

Shu bilan birga, fuqaro infratuzilmasiga zarar yetgani yoki qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan. Livan telekanallari hujumdan so‘ng omborga o‘xshash bino yaqinida yong‘in ko‘rsatilgan videotasvirlarni namoyish etdi.

Livan Prezidenti Jozef Aun Isroil zarbasini qoralab, uni "Hizbulloh" va Isroil o‘rtasida noyabr oxirida tuzilgan o‘t ochishni to‘xtatish bitimini yana bir bor buzilishi deb atadi. Avvalroq ham kamida ikki marta shunday aviazarba sodir etilgani xabar qilingan edi.

Aun Fransiya va AQShni, Livan xavfsizligiga kafillik bergan davlatlar sifatida, Isroilga bosim o‘tkazishga va "uning hujumlarini darhol to‘xtatishga majbur qilishga" chaqirdi. Bosh vazir Netanyahuning ofisi esa aksincha, "Hizbulloh"ning Bayrutdagi obyektida raketalarni saqlashi o‘t ochishni to‘xtatish bitimini buzish hisoblanadi, deb ta’kidladi.

BMTning Livandagi maxsus koordinatori Janin Xennis-Plassxart ham hujumni qoraladi. "Bayrut janubiy tumanlariga berilgan zarba tinch hayotga qaytishni orzu qilayotgan aholi o‘rtasida vahima va qo‘rquv uyg‘otdi. Biz barcha tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatish bitimini buzishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatni bas qilishga chaqiramiz", deb yozdi u X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘ida.

Ushbu aviazarba Isroilning Livandagi yagona hujumi emas edi. O‘sha kuni janubiy Livanda dron yordamida Livan fuqarosi o‘ldirildi. Isroil armiyasiga ko‘ra, u "Hizbulloh"ning mintaqadagi infratuzilmasini tiklash ishlariga rahbarlik qilgan ofitser edi. Biroq Livan OAVlari hujum qurboni mahalliy tovuq yetishtiruvchi fermer bo‘lganini xabar qildi.

Radikal shia guruhi "Hizbulloh" va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat 2024 yil kuzida yana kuchaygan edi. Sentabr oyida Livanda "Hizbulloh" jangarilarining aloqa qurilmalari ommaviy tarzda portladi — Netanyahu keyinchalik bu operatsiyani Isroil maxsus xizmatlari amalga oshirganini tan oldi, garchi avval Isroil buni inkor etgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya tayyorgarligi deyarli o‘n yil davom etgan.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing