Japarov Tashiyev iste’fosini bo‘linish xavfi bilan izohladi

Dunyo

Qirg‘iziston prezidenti yaqin ittifoqchisini kutilmaganda lavozimidan ozod etganini parlament va davlat apparatida yuzaga kelgan qarama-qarshilik xavfi bilan izohladi.

Japarov Tashiyev iste’fosini bo‘linish xavfi bilan izohladi
Prezident Sadir Japarov Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Kamchibek Tashiyevni lavozimidan olish qarori mamlakat birligini saqlash va jamiyatdagi bo‘linishni oldini olish maqsadida qabul qilinganini aytdi.

U davlat axborot agentligiga bergan intervyusida mojaro parlament — Jogorku Keneshda boshlanganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim deputatlar hamkasblarini «general tomoni» va «prezident tomoni»ga ajratishni boshlagan, keyinchalik esa muddatidan oldin saylov o‘tkazish uchun imzo to‘plagan.

Prezidentning ta’kidlashicha, ayrim deputatlar va davlat xizmatchilariga bosim o‘tkazilgani haqida dalillar bo‘lgan. Ularga ma’lum bir guruhni qo‘llab-quvvatlamasa, «general bilan ish qilishga to‘g‘ri kelishi» aytilgan.

Japarov qarorni tez qabul qilganini, chunki qarama-qarshilik davlat apparati va jamiyatga ko‘chib o‘tishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Tashiyevga oldindan qo‘ng‘iroq qilib, vaziyatni tushuntirgan va bu qaror bilan «do‘stini himoya qilganini» ta’kidlagan.

«Konstitutsiya prezident zimmasiga davlat yaxlitligi va xalq birligini saqlash majburiyatini yuklaydi. Davlat manfaatlari lavozim va do‘stlikdan ustun turadi», — dedi u.

Prezident 2021 yilgi saylovlar oldidan hokimiyatni navbat bilan boshqarish haqidagi mish-mishlarga ham izoh berib, davlatni kim boshqarishini tor doira emas, xalq hal qilishini aytdi.

Tashiyev va uning o‘rinbosarlari 10 fevral kuni lavozimidan ozod etildi. GKNB raisi vazifasini vaqtincha Jumbalbek Shabdanbekov bajaradi. U avval qo‘mita raisi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Tashiyev esa iste’fo haqidagi xabarni Germaniyada davolanayotgan paytda eshitganini va bu uning uchun kutilmagan bo‘lganini aytdi. Shunga qaramay, u prezident qarorini hurmat qilishini va davlatga xizmatini halol bajarganini ta’kidladi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing