Jizzaxdagi BYD zavodidan ilk elektromobillar chiqdi

O'zbekiston

Jizzax viloyatidagi BYD Uzbekistan Factory qo‘shma korxonasida ilk elektromobillar ishlab chiqarila boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni ushbu innovatsion zavodni kelib ko‘rdi, deb xabar bermoqda davlatimiz rahbarining matbuot xizmati.

Jizzaxdagi BYD zavodidan ilk elektromobillar chiqdi
Bu mamlakatimiz avtosanoatida yangi bosqich, ulkan tarixiy voqea. Mazkur zavod shu yil yanvarda davlatimiz rahbarining Xitoyga tashrifi chog‘ida faoliyat boshlagan edi. Bu qiymati 160 million dollarlik loyihaning birinchi bosqichi bo‘lib, yiliga 50 ming dona elektromobil ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik o‘lchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan.

Prezident ushbu imkoniyatlarni ko‘zdan kechirdi, xitoylik sheriklar bilan suhbatlashdi.

Hozirda bu yerda Chazor va Song Plus Champion modellari ishlab chiqarilmoqda. Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qo‘ydi.

Kelgusi yillarda zavodda modellar qatorini kengaytirish rejalashtirilgan. Qiymati 300 million dollarlik ikkinchi bosqichda elektromobillar sonini yiliga 200 ming donaga, 500 million dollarlik uchinchi bosqichda 500 ming donagacha yetkazish ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda korxonada 1 ming 200 kishi ishlaydi. O‘tgan yili 200 nafar xodim “Uzautomotors” zavodlarida malaka oshirgan. Bu yil yana 92 nafar mutaxassis Xitoyning Sian va Chansha shaharlarida sifat nazorati, texnologiya, ta’minot, uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish kabi yo‘nalishlarda malaka oshiradi. Barcha uch bosqich joriy etilgach, ish o‘rinlari 10 mingtaga yetadi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing