JTB O‘zbekiston talabalari kelajagiga 250 mln dollar yo‘naltiradi

O'zbekiston

Jahon banki ijrochi direktorlar kengashi O‘zbekistonga oliy, texnik va professional ta’lim tizimida talabalarga teng moliyaviy imkoniyat yaratishga qaratilgan “EduImkon” dasturi uchun 250 million dollar kredit ajratishni ma’qulladi.

JTB O‘zbekiston talabalari kelajagiga 250 mln dollar yo‘naltiradi
2026–2028 yillarda dastur amaldagi ta’lim kreditlari tizimini mustahkamlash va uni butun mamlakat bo‘yicha qariyb 600 ming yoshlarga kengaytirishga yordam beradi. Mablag‘larning qariyb 80 foizi kam ta’minlangan oilalar farzandlari va ayol talabalarga yo‘naltiriladi.

Rasmiylarga ko‘ra, 14–30 yoshdagi aholi soni 10 millionga yaqin bo‘lgan bir paytda yoshlarning ta’limga bo‘lgan imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. So‘nggi yillarda bu sohada katta o‘sish kuzatilmoqda: oliy ta’lim qamrovi 2017 yildagi 8 foizdan 2024 yilda 48 foizga yetdi, oliy o‘quv yurtlari soni esa qariyb uch baravar oshdi.

Biroq talabalar sonining tez o‘sishi amaldagi kredit tizimiga bosimni kuchaytirdi va uning mehnat bozori ehtiyojlariga yetarlicha mos emasligini ko‘rsatdi. Xususan, kreditlar ko‘pincha STEM va AKT kabi eng talab yuqori yo‘nalishlarga yo‘naltirilmaydi.

Ayollar talabalarning 55 foizini va ta’lim kreditlari oluvchilarning 80 foizini tashkil etsa-da, ularning atigi uchdan biri STEM bo‘yicha tahsil oladi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladigan “EduImkon” dasturi talabalarni moliyalashtirish tizimini modernizatsiya qilishni nazarda tutadi. Dastur doirasida islohotlar bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish, kreditlar uchun yagona onlayn platforma yaratish, zaif guruhlar uchun kredit olish jarayonini soddalashtirish hamda daromadga bog‘liq to‘lov tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

2028 yil dekabriga qadar 12 ta tijorat banki orqali oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan qariyb 600 ming talaba ta’lim krediti olish imkoniga ega bo‘ladi.

Dastur mablag‘larining 190 million dollaridan ortig‘i zaif toifadagi talabalarni qo‘llab-quvvatlash va mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlashni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, taxminan 30 million dollarlik xususiy kapital jalb qilinishi kutilmoqda, bu esa kreditlash hajmini kengaytiradi va davlat byudjeti yukini kamaytiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing