Koinotdagi shirin kashfiyot: olimlar kosmosda yangi shakar turini aniqladi

Dunyo

Astronomlar yulduzlararo fazoda eritruloza deb ataluvchi yangi shakar turini aniqladi. Ushbu kashfiyot hayot uchun zarur bo‘lgan asosiy kimyoviy birikmalar kosmik muhitda shakllangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi nazariyani yanada kuchaytirdi hamda Yerda hayotning paydo bo‘lishi sirini tushunishga yangi imkoniyat yaratdi.

Koinotdagi shirin kashfiyot: olimlar kosmosda yangi shakar turini aniqladi
Tadqiqot Nature Astronomy jurnalida e’lon qilindi. Xalqaro olimlar guruhi eritrulozani yulduzlar orasidagi gaz va chang bulutlaridan iborat yulduzlararo muhitda aniqladi. Kuzatuvlar Ispaniyadagi ikkita radioteleskop yordamida amalga oshirildi. Olingan signallar laboratoriya spektrlari bilan taqqoslanib, molekulaning gaz holatida mavjudligi tasdiqlandi.

Yerda eritruloza malina kabi ayrim rezavor mevalarda uchraydi hamda kosmetika sanoatida qo‘llaniladi. Biroq uning ilmiy ahamiyati bundan ancha yuqori. Ushbu shakar hayot uchun bevosita zarur bo‘lmasa-da, biologik jarayonlarning boshlanishida muhim rol o‘ynashi mumkin bo‘lgan molekulalarga aylanish xususiyatiga ega.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu kosmosda aniqlangan eng murakkab shakar turlaridan biridir. Avval ham yulduzlararo muhitda genetik material tarkibiga kiruvchi va tirik organizmlar shakllanishi bilan bog‘liq boshqa organik molekulalar topilgan edi. Yangi kashfiyot ushbu ilmiy dalillarni yanada boyitmoqda.

Olimlar bunday birikmalarning mavjudligi hayotning “qurilish bloklari” Quyosh tizimi paydo bo‘lishidan avval ham mavjud bo‘lgan va keyinchalik kosmik jismlar orqali Yerga yetib kelgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi gipotezani qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlamoqda.

Keyingi tadqiqotlar boshqa murakkab shakarlarni izlash va ularning qanday hosil bo‘lishi hamda bir-biriga aylanish mexanizmlarini o‘rganishga qaratiladi. Tadqiqotchilar fikricha, agar bunday molekulalar Galaktikaning bir hududida aniqlangan bo‘lsa, ular boshqa mintaqalarda ham uchrashi mumkin. Bu esa Yer tashqarisida hayot izlarini qidirish istiqbollarini kengaytiradi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing