Kongo DRdagi Ebola epidemiyasi tarixdagi ikkinchi eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lgan epidemiyaga aylandi

Dunyo

Kongo Demokratik Respublikasida Ebola gemorragik isitmasi bilan kasallanganlar soni 5 mingdan oshdi, vafot etganlar soni esa 2,4 mingga yaqinlashdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, amaldagi epidemiyada o‘lim darajasi 47,3 foizni tashkil etmoqda. Bu uni qayd etilgan Ebola epidemiyalari orasida o‘limlar soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa olib chiqdi.

Kongo DRdagi Ebola epidemiyasi tarixdagi ikkinchi eng ko‘p o‘limga sabab bo‘lgan epidemiyaga aylandi
Kongo DR Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, infeksiyalanganlar soni 5 021 nafarga, vafot etganlar soni 2 378 nafarga yetgan. Epidemiya 2026-yil 15-may kuni rasman e’lon qilingan va mamlakat tarixidagi 17-Ebola epidemiyasiga aylangan.

Epidemiyaga kam uchraydigan Ebola turi — Bundibugyo virusi sabab bo‘lmoqda. Hozircha ushbu virusga qarshi litsenziyalangan vaksina yoki maxsus davolash vositasi mavjud emas. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, vaksina va davolash usullarining istiqbolli nomzodlari klinik tadqiqotlardan o‘tkazilmoqda.

Dastlab kasallik mamlakatning Ituri provinsiyasida qayd etilgan. Keyinchalik virus boshqa hududlarga ham tarqaldi. JSST iyul oxiridagi ma’lumotlarida beshta provinsiya va 49 ta sog‘liqni saqlash zonasida kasallanish holatlari qayd etilganini bildirgan.

May oyida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vaziyatni xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan jamoat salomatligi favqulodda holati deb e’lon qilgan. Epidemiya bir vaqtning o‘zida Ugandada ham aniqlangan, biroq Uganda hukumati 28-iyul kuni mamlakatdagi epidemiya yakunlanganini ma’lum qilgan.

Amaldagi epidemiya Kongo DRda 2018–2020-yillarda qayd etilgan Ebola epidemiyasidagi o‘limlar sonidan oshib ketdi. O‘lim ko‘lami bo‘yicha undan faqat 2014–2016-yillarda G‘arbiy Afrikada yuz bergan va 11 mingdan ortiq kishining hayotiga zomin bo‘lgan epidemiya oldinda turibdi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing