Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlashning ustuvor vazifalari muhokama qilindi

O'zbekiston

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari boʻyicha kengaytirilgan yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini yanada mustahkamlashning ustuvor vazifalari muhokama qilindi
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qoʻmondonlari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, boshqa idoralar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

Oʻtgan yillarda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi izchil oshirib borilmoqda, mudofaa sanoatining salohiyati mustahkamlanmoqda.

Mudofaa vazirligi qoʻshinlarida yangi taktik usullar joriy etilib, mashgʻulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, uchuvchisiz uchish apparatlari boʻlinmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi.

Armiyani raqamlashtirish boʻyicha boshlangan ishlar natijasida axborot xavfsizligi, boshqaruv va koʻrsatilayotgan xizmatlar samaradorligi sezilarli darajada oshdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan harbiy taʼlim tizimi tubdan yangilandi, malakali professor-oʻqituvchi va instruktorlardan iborat Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Taʼlim jarayoniga oʻqitishning ilgʻor raqamli texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellektga asoslangan va zamonaviy baholash tizimlari joriy etilgani harbiy kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Yigʻilishda mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi.

– Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan oʻzgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib gʻalaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligi taʼkidlandi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish boʻyicha “proaktiv ish rejimi”ga oʻtishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.

Oliy Bosh Qoʻmondon kelgusi istiqbolga moʻljallangan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga ustuvor eʼtibor qaratiladi.

– Shuni unutmaslik kerakki, harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishning asosiy shartidir, – dedi Prezident.

Muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam oʻrnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi boʻlib chiqishi boʻyicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yoʻnalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan oʻtkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida oʻqitiladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni oʻtash davrida harbiy qismning oʻzida oliygohga oʻqishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda oʻqishini boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy oʻquv yurtlarida tahsil olmoqchi boʻlgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi boʻlgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan oʻtkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi boʻlgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari toʻlab beriladi.

– Bir soʻz bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni oʻtash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yoʻli”ga aylanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash eng muhim masala ekani taʼkidlandi. Shu bois, muhandislik-texnik yoʻnalishdagi harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash, joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yanada mustahkamlash bilan birga, ularning maʼnaviy olamini ham muntazam boyitib borishni zamonning oʻzi talab etmoqda.

Bunda kitobxonlik muhim oʻrin tutadi. Shu bois, joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi.

Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yoʻnaltirilgan maktab-litsey oʻquvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar oʻrtasida Oliy Bosh Qoʻmondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yoʻlga qoʻyiladi. Okrug, qoʻmondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qoʻmondon tanlovlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.

Har yili harbiy xizmatchilar oʻrtasida koʻpkurash, qoʻl jangi, ogʻir atletika kabi sportning 10 dan ortiq anʼanaviy turlari boʻyicha musobaqalar oʻtkazilmoqda. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari boʻyicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.

– Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. Oʻzbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos boʻlishi kerak, – dedi Prezident.

Shu sababli, qoʻshinlarni sunʼiy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida eʼtibor qaratish kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Prezidentimiz mudofaa sanoatini yanada rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri boʻlishi kerakligini qayd etdi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mutasaddilarga shaxsga doir maʼlumotlar va raqamli tizimlar himoyasini taʼminlash boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

– Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila aʼzolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-eʼtiborimiz markazida boʻlishi zarur, – dedi Prezidentimiz va bu borada katta yangiliklarni eʼlon qildi.

Xususan, 1-apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.

Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.

Qurolli Kuchlar safida 30-yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa ma’sullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing