Markaziy bank yubiley kolleksiyasini chiqardi

Iqtisodiyot

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakat davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan esdalik tangalari kolleksiyasini muomalaga chiqardi. Oltin va kumushdan tayyorlangan uchta kompozitsiya milliy davlatchilik, tarixiy xotira, milliy qadriyatlar va O‘zbekistonning zamonaviy taraqqiyoti ramzlarini birlashtiradi.

Markaziy bank yubiley kolleksiyasini chiqardi
Esdalik tangalari savdosi 27-avgustdan tijorat banklarining 690 ta filialida boshlandi. Kolleksiyani uch tangadan iborat to‘plam sifatida ham, alohida tangalarni ham xarid qilish mumkin.

Birinchi tanga Mustaqillik monumentiga bag‘ishlangan. Markaziy bank konsepsiyasiga ko‘ra, monument ortidan taralayotgan quyosh nurlari mustaqillik tufayli yaratilgan imkoniyatlar va mamlakat kelajagini ifodalaydi. Tanganing reversida O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i hamda uning qabul qilingan sanasi — 1991-yil 18-noyabr aks ettirilgan.

Ikkinchi kompozitsiya mamlakatning tarixiy va ma’naviy merosini ifodalaydi. Uning old tomonida Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi tasvirlangan bo‘lib, u O‘zbekistonning jahon ilm-fani, ma’naviyat va islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini anglatadi. Reversda O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi va uning qabul qilingan sanasi — 1992-yil 2-iyul keltirilgan.

Uchinchi tanganing markaziy elementi «35» raqamidir. Uning reversida Davlat madhiyasidan «Olamni mahliyo aylagan diyor!» satri hamda madhiya qabul qilingan sana — 1992-yil 10-dekabr joylashtirilgan. Dizaynda an’anaviy o‘zbek do‘ppisi naqshlaridan ham foydalanilgan.

Barcha esdalik tangalari 999,9 asillikdagi oltin va kumushdan zarb etilgan. Har bir tanganing og‘irligi 31,1 gramm, nominal qiymati 100 ming so‘mni tashkil etadi. Dastlabki tiraj 450 ta oltin va 800 ta kumush tangadan iborat. Markaziy bank talabga qarab tiraj hajmi oshirilishi mumkinligini ma’lum qildi.

Powered by Froala Editor

Do'stlar bilan ulashing